Polsha Sankt-Peterburgdagi bosh konsulxonasini yopdi (video)
Olam
−
08 yanvar
1612Polshaning Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida joylashgan bosh konsulxonasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda Polsha Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“Bugun, 8 yanvar kuni Polshaning Rossiyadagi elchisi Kshishtof Krayevskiy ishtirokida respublika bosh konsulxonasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu joyni qiyin sharoitda o‘z missiyasi deb bilgan barcha Polsha diplomatlariga minnatdorlik bildiramiz. Sankt-Peterburgdagi Polsha bosh konsulligida xizmat qilgan barcha bosh konsullar, Polsha instituti rahbarlari, konsullik va institut xodimlariga, xususan, so‘nggi uch yil davomida Ukraina urushidan keyingi sharoitda fidoyilik bilan xizmat qilganlarga rahmat. Sankt-Peterburgdagi barcha polyaklar va Polsha diasporasidan minnatdormiz ”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sankt-Peterburgda joylashgan konsullik binosidan Polsha va Yevropa Ittifoqi bayroqlari olib tashlangan. Shuningdek, 5-Sovetskaya ko‘chasidagi binoning fasadidan bosh konsulxona yozuvi demontaj qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 5 dekabr kuni Rossiya TIV Polshaga nota yo‘llab, Sankt-Peterburgdagi Polsha bosh konsulxonasi faoliyatini 2025 yil 10 yanvargacha to‘xtatishi kerakligini bildirgan edi. Ushbu qaror Polshaning 2024 yil 22 oktyabr kuni Poznanda joylashgan Rossiya bosh konsulxonasini yopish to‘g‘risida qabul qilgan qaroriga javob sifatida qabul qilingan.