Polsha Bosh vaziri yaqin oylarni Ukraina uchun o‘ta muhim deb atadi

Olam

image

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk yaqin oylar Ukraina, Polsha va butun mintaqa xavfsizligi uchun o‘ta muhim bo‘lishini e’lon qildi. Bu haqda u bugun, 29 avgust kuni “Kelajak Polshasi” tadbiridagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.

“Shu munosabat bilan biz voqealar rivojining turli ssenariylariga tayyor bo‘lishimiz kerak va, shubhasiz, yaqin yetti oy o‘ta muhim bo‘ladi. Ukraina-Rossiya urushi burilish nuqtasida turibdi”, deydi u va kuz hamda qish oylari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidlagan.

Tusk Rossiyaning “eskalatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi signallar” sababli Polsha o‘z xavfsizligi ustida ishlashni davom ettirishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari Jon Retkliffning Moskvaga tashrifi ana shunday “signal”lardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Kreml esa eskalatsiya haqidagi da’volarni rad etmoqda. Shu bilan birga, Polsha Bosh vaziri nizoni xohlamasligini ta’kidlagan. 

“Men janjal izlaydigan eng oxirgi odamman. Siyosatda romantizmni yoqtirmayman. Bilasizmi, yovvoyi dalalardagi ulanlar hujumi tushimga kirmaydi. Men Polshani qo‘shnilar bilan har qanday nizolardan asrash uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qilyapman”, deya ishonch bildirgan u.

Qayd etish joiz, joriy yilning 25 avgust kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Rossiya poytaxti Moskvaga e’lon qilinmagan muzokaralar uchun borgan edi.

Shundan so‘ng, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktorining Moskvaga tashrifi ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi aloqalar bilan bog‘liq bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham Jon Retkliff bilan Moskvada uchrashganini tasdiqladi.

Kecha, 28 avgust kuni esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliffni Moskvaga maxfiy safarga shaxsan o‘zi yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari berk ko‘chaga kirib qoldi deb hisoblashini va jangovar harakatlar kuchayishiga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing