Pokistonda toshqin qurbonlari soni 820 nafarga yetdi
Olam
−
23 avgust 2022
4154Pokistonda joriy yilning iyun oyi o‘rtalaridan beri sodir bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida 820 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda kecha, 22 avgust kuni “Sinxua” agentligi Pokistonning Tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy boshqarmasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pokistonda ro‘y berayotgan suv toshqinlari oqibatida kamida 820 kishi halok bo‘lgan, 1315 dan ortiq kishi jabrlangan. Qurbonlar orasida 304 nafar bola ham bor.
Shuningdek, 2,9 mingga yaqin yo‘l, 72 mingdan ortiq uy va 129 ta ko‘prik vayron bo‘lgan. 500 ming boshdan ortiq chorva mollari nobud bo‘lgan. Sinoptiklar kuchli yomg‘ir davom etishini taxmin qilmoqda.
Pokiston rasmiylari hozirda zarar yetgan hududlarda qutqaruv ishlarini olib bormoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Pokistondagi musson yomg‘irlari butun mamlakat bo‘ylab suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘lgan. Kuchli suv toshqinlari tufayli mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan. Rasmiylar BMT va boshqa xalqaro tashkilotlardan shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatishni so‘ramoqda.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi