Pokistonda terroristik hujum oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
17 fevral 743 1 daqiqa
Bugun, 17 fevral kuni Pokistonning Xayber Paxtunxva viloyati Bajaur tumanida joylashgan nazorat punktiga hujum uyushtirildi. Bu haqda “The Hindu” nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, hodisa oqibatida 11 nafar xavfsizlik xodimi va bir nafar bola halok bo‘lgan. Yana yetti kishi, jumladan, ayollar va bolalar jarohat olgan.
Pokiston armiyasining Xizmatlararo jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotida aytilishicha, hujum avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma yordamida amalga oshirilgan. Portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina nazorat punkti devoriga borib urilgan va kuchli portlash sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hujumni “Pokiston Tolibon” harakati a’zolari sodir etgan. Xavfsizlik kuchlarining javob zarbalari oqibatida 12 nafar hujumchi zararsizlantirilgan.
Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy hujumni keskin qoralab, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan. U terrorchilikka qarshi kurash davlatning eng ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini ta’kidlagan.
Bosh vazir Shahboz Sharif ham voqea yuzasidan bayonot berib, qurbonlar uchun chuqur ta’ziya izhor qilgan va hujumni qattiq qoralagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistondagi masjidda bomba portlagandi. Hodisa oqibatida 30 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan.
Live
Barchasi