Pokistonda kuchli yomg‘ir tufayli qurbonlar soni ortdi
Olam
−
30 avgust 2025 3017 2 daqiqa
Bugun, 30 avgust kuni Pokistonning bir necha hududlarida kuchli musson yomg‘irlari yog‘ib o‘tdi. Bu haqda “Daily Times” xabar berdi.
Laxor shahrida yomg‘ir yog‘ishi bilan birga tog‘li Murri hududida ham kuchli jala kuzatilgan. Mahalliy hokimiyat pastliklardan iborat hududlarda suv toshqinlari yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Yomg‘irlar Abbotobod, Naroval, Ferozvala, Baxavalpur va boshqa hududlarga ham zarar yetkazgan. Ko‘plab pastqam joylarda suv to‘planib, elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lgan. Ayrim hududlarda kuchli shamol sabab elektr uzatish liniyalari uzilib, shaharlar zulmatga cho‘kkan.
Laxorda chaqmoq urishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Ferozvalada esa uyning tomi qulab tushishi oqibatida ayol kishi vafot etgan. Yana uch kishi jala oqibatida tan jarohati olgan. Qutqaruvchilar zararlangan hududlarda aholiga yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.
Pokiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2 sentyabrgacha yomg‘irlar davom etishini ma’lum qilgan. Hokimiyat aholiga ehtiyot bo‘lishni, bundanda talofatli ob-havo sharoitiga tayyor turishni tavsiya qilmoqda. Ba’zi zaif resurslarga ega bo‘lgan hududlar uchun evakuatsiya rejasi ishlab chiqilgan va yordam ko‘rsatish choralarini amalga oshirish davom etmoqda.
Umuman olganda, Pokistonda musson yomg‘irlari yoz boshidan beri to‘xtovsiz yog‘moqda. 700 ga yaqin kishi tabiiy ofatning qurboniga aylangan.
Qayd etish joiz, Pokiston iqlimi tez-tez o‘zgarib turadigan davlatlardan biri hisoblanadi. Mintaqada so‘nggi yillarda tobora ko‘proq ekstremal ob-havo hodisalari kuzatilmoqda. Masalan, 2022 yilda musson yomg‘irlari tufayli mamlakatning uchdan biri suv ostida qolgan edi va o‘shanda qariyb 1700 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida yuz bergan kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Prezident Asif Ali Zardariy va Bosh vazir Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘llagandi. Davlat rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.
Live
Barchasi