Pokiston Bosh vaziri Mirziyoyevga tashakkurlarga to‘la maktub yo‘lladi
Jamiyat
−
03 fevral 2021
8139Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik maktubini yo‘lladi. U o‘z nomasida O‘zbekiston va Pokiston munosabatlarini yanada mustahkamlash kerakligi, mintaqada ikki mamlakatning o‘zaro bog‘liqligini alohida urg‘ulagan.
“Sizni va birodar O‘zbekiston xalqini chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.
Pokiston va O‘zbekistonni madaniyat, din va an’analar mushtarakligiga asoslangan yaqin munosabatlar bog‘lab turibdi. Bizning tarixiy va tamadduniy aloqalarimiz milliy o‘zligimizning ajralmas qismidir. Xalqimiz Samarqand va Buxoro shaharlariga chuqur ehtirom bilan qaraydi.
Mamlakatlarimiz taraqqiyoti va ravnaqi uchun biz ikki tomonlama savdo munosabatlarini kengaytirishimiz va iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashimiz lozimligiga qat’iy ishonaman. Mintaqamiz ulkan insoniy va tabiiy resurslarga ega. Barcha sohalarda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish maqsadida iqtisodiyotlarimizning bir-birini o‘zaro to‘ldirib turishidan samarali foydalanishimiz lozim”, deydi Imron Xon.
Kecha, 2 fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud O‘zbekiston Prezidenti qabulida bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan. Imron Xon ushbu uchrashuv muvaffaqiyatli o‘tganini aytib, shunday deydi:
“O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining 2020 yil sentyabr oyida Pokistonga tashrifi chog‘ida Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish va yaqin orada uning birinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan edi.
Mening savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchimning O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki tomonlama savdo masalalari bilan bir qatorda temir yo‘l koridorlarini rivojlantirish, bank sohasida, iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlardagi hamkorlikning istiqbollari ko‘rib chiqilishini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
Ushbu tashrif umumiy maqsadlarga sari yanada olg‘a qadam tashlashimiz uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Men ikki tomonlama munosabatlarning butun salohiyatini ishga solishning qat’iy tarafdoriman”, deydi Pokiston Bosh vaziri.
U maktubi so‘ngida Mirziyoyevga Alloh taolodan sihat-salomatlik va baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga esa bardavom taraqqiyot va ravnaq ato qilishini so‘ragan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston tomonidan Afg‘oniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yo‘l bilan bog‘laydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqish va ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini ta’minlaydigan temir yo‘l qurish loyihasini ilgari surdi. Ushbu loyiha uchun xalqaro moliya institutlaridan 4,8 milliard dollar kredit jalb qilinadi.
LiveBarchasi