Pokiston ham Erondan o‘z elchisini chaqirib oldi
Olam
−
17 yanvar
6005Pokiston hukumati Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Balujiston viloyatiga bergan raketa zarbalari ortidan o‘z elchisi Muhammad Mudasir Tipuni Tehrondan chaqirib olishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mumtoz Zahra Baloch ma’lum qildi.
"Kecha Eronning Pokiston suverenitetini asossiz va qo‘pol ravishda buzgani xalqaro huquq va BMT nizomiga ziddir", degan u.
Balochning aytishicha, Eron hukumatiga tegishli norozilik notasi yuborilgan.
"Ushbu noqonuniy harakat mutlaqo nomaqbul va hech qanday asosga ega emas. Pokiston javob berish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Buning oqibatlari uchun javobgarlik faqat Eron zimmasida", deya qo‘shimcha qilgan u.
Unga ko‘ra, Pokiston o‘z elchisini Erondan chaqirib olishga qaror qilgani va Eron Islom Respublikasining Pokistondagi elchisi Rizo Amiri Mog‘addam ham hozircha Islomobodga qaytmasligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha 16 yanvar kuni Eron Pokistondagi “Jaysh al-Adl” jangari guruhining ikki qarorgohiga raketa va uchuvchisiz samolyotlari bilan zarba berishi oqibatida ikki nafar bola halok bo‘lgan edi. Aynan shu kuni Eron Iroq Kurdistoni markazi Erbil shahridan 40 km shimoli-sharqqa ham raketa hujumi uyushtirgan. Ushbu voqealar ortidan Iroq hukumati Erondagi elchisini chaqirib olgan.
LiveBarchasi