PKK Turkiya bilan sulh e’lon qildi
Olam
−
03 mart 8458 2 daqiqa
Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) terror tashkiloti o‘z yetakchisi Abdulla O‘jalonning chaqirig‘iga javoban Anqara bilan sulh e’lon qildi. Bu haqda AHaber telekanali xabar berdi.
Oldinroq hozirda Turkiya qamoqxonasida saqlanayotgan Abdulla O‘jalon Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq davom etgan qurolli kurashni to‘xtatishga va tashkilotni tarqatib yuborishga chaqirgan edi.
“Biz PKK (Kurdiston ishchilar partiyasi) ushbu chaqiriq mazmunini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va uning talablari bajarilishi va unga rioya etilishini ta’minlashni ma’lum qilamiz. Bugundan boshlab kuchga kiradigan o‘t ochishni to‘xtatish qarorini e’lon qilamiz”, deyiladi Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan partiyaning ijroiya qo‘mitasi rasmiy bayonotida.
Kurdiston ishchilar partiyasining ta’kidlashicha, agar ularga hujum qilinsa, sulh amal qilmaydi. Shuningdek, qurolsizlanish faqat Abdulla O‘jalon rahbarligida amalga oshirilishi mumkinligi aytilib, Turkiya hukumati tomonidan uning ozod etilishiga umid bildirilgan. Bundan tashqari, PKK o‘z bayonotida partiyani tarqatib yuborish uchun qurultoy chaqirishga tayyor ekanini ham qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Kurdiston ishchilar partiyasi 1984 yil 15 avgustdan boshlab Turkiya hukumatiga qarshi qurolli urushni boshlagan. U 1978 yil 27 noyabrda chap sotsialistik partiya sifatida tashkil etilgan. Uning tarafdorlari Abdulla O‘jalonni oliy yetakchi va mafkuraviy ilhomlantiruvchi deb bilishadi.
Turkiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va ayrim boshqa davlatlar PKKni terrorchi tashkilot deb tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili oktyabr oyida Anqarada Turkiyaning harbiy samolyotlar va kosmik uskunalar ishlab chiqaruvchi “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida terakt sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 22 kishi jarohatlangan. Keyinroq, teraktni sodir etgan va yo‘q qilingan jangarilar Kurdiston ishchilar partiyasi a’zosi ekani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi