Pxenyanda Ukrainadagi urushda halok bo‘lganlar xotirasiga yodgorlik qurilyapti
Olam
−
24 Oktabr 2025 2055 2 daqiqa
Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida halok bo‘lgan o‘z askarlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik qurishni boshladi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Jangovar qahramonliklar memorial muzeyi” nomli yodgorlik poytaxt Pxenyanda quriladi. Loyiha poydevor qo‘yish marosimida Kim Chen In va Shimoliy Koreyadagӣ Rossiya elchisi, shuningdek, hukumat va harbiy rahbarlari, Rossiyada halok bo‘lgan askarlarning oilalari ham ishtirok etgan.
Kim marosimdagi nutqida muzeyni “haqiqiy vatanparvarlarning abadiyligiga bag‘ishlangan muqaddas maskan” deb atagan.
“Bizning qo‘shinlarimiz Rossiyaning Kursk mintaqasida bir yildan beri xizmat qilmoqda va ular Rossiyaga hal qiluvchi g‘alabani ta’minlashda yordam berdi. Bizning qahramonlarimiz hech qanday tajovuzni toqat qilmasdan, dushmanlarni yo‘q qilish ruhi bilan yovuz neonatsist bosqinchilarni yakson qildilar”, deydi Kim Chen In.
Uning aytishicha, qurilayotgan memorialda Rossiyada jang qilgan shimoliy koreyalik askarlarga bag‘ishlangan haykallar, shuningdek, rasmlar va san’at asarlari joy oladi.
Janubiy Koreya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomonida jang qilgan kamida 600 nafar shimoliy koreyalik askar halok bo‘lgan, minglab boshqalar esa yaralangan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil Rossiya va Shimoliy Koreya strategik hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, agar tomonlardan biri hujumga uchrasa, ikkinchisi unga harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishi shart.
Moskva shahrida esa Pxenyan bilan do‘stlikni nishonlash maqsadida san’at ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Unda shimoliy koreyalik askarlar va ularning rossiyalik hamkorlari “dushman G‘arb”ga qarshi birgalikda qarshilik ko‘rsatayotgani tasvirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Seulda Janubiy Koreya va AQSH Prezidentlari uchrashuvi arafasida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi mamlakatning sharqiy sohilidagi dengiz tomonga qisqa masofali ballistik raketalarni uchirgandi.
Live
Barchasi