KXDR dengizga bir nechta ballistik raketa uchirdi
Olam
−
22 Oktabr 1956 2 daqiqa
Bugun, 22 oktyabr kuni Seulda Janubiy Koreya va AQSH Prezidentlari uchrashuvi arafasida Koreya xalq demokratik respublikasi mamlakatning sharqiy sohilidagi dengiz tomonga qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi. Bu haqda “Chosun” nashri xabar berdi.
Janubiy Koreya birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bir nechta snaryadlar aniqlangan, ular, ehtimol, qisqa masofali ballistik raketalar bo‘lgan. Bu 2025 yil iyun oyida yangi Prezident Li Che Myon lavozimiga kirishganidan beri KXDR tomonidan amalga oshirilgan birinchi bunday sinovdir. Oldingi raketa uchirilishi may oyida sodir bo‘lgan edi.
Yaponiyaning yangi bosh vaziri Sanae Takaiti esa Pxenyanning raketa uchirishi mamlakat xavfsizligiga ta’sir qilmaganini aytib, Tokio AQSH bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashayotganini ma’lum qilgan.
Janubiy Koreya va AQSH Prezidentlari keyingi haftada Seulda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik (APEC) sammitida uchrashishi rejalashtirilgan. Shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘sha yerda Xitoy Raisi Si Szinpin bilan ham uchrashishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 11 oktyabr kuni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Pxenyanda ikki yildan beri birinchi marta yirik harbiy parad o‘tkazdi. Unda yangi qit’alararo “Xvason-20” raketasi ilk bor namoyish etildi.
Davlat axborot agentligi uni “eng kuchli yadroviy strategik qurol” deb atadi. Unga ko‘ra, bu raketa Shimoliy Koreyaga AQSH hududidagi nishonlarga zarba berish imkonini berishi mumkin. “Xvason-20”dan tashqari, KXDR armiyasi paradda gipertovushli raketalar hamda boshqa turdagi qurollarni ham ko‘rsatdi.
Tadbir mehmonlari orasida Xitoy Bosh vaziri Li Syan, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev va Vetnam Kommunistik partiyasi bosh kotibi To Lam bor edi.
Live
Barchasi