Pistorius ham Ukrainaga nemis harbiylarini yuborishni istisno etmadi
Olam
−
21 dekabr 2024
2310Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius yana nemis qo‘shinlarining Ukrainadagi ehtimoliy “tinchlikparvarlik missiyasi”da ishtirok etishini istisno qilmadi, biroq ular mojaro davom etayotgan paytda u yerda bo‘lmasligiga ishontirdi. Bu haqda u "Funke" media guruhiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Men bir narsani aniq aytmoqchiman: urush tugamaguncha, Ukraina tuprog‘ida nemis askarlari bo‘lmaydi. Qachon sulh yoki tinchlikka erishiladi va bu qanday bo‘lishi aniq bo‘lganda savol beriladi. Ukraina va Rossiya bu borada uchinchi tomon ishtirokida kelishib olishi kerak. Masalan, bu chegara chizig‘i, bufer zonasi yoki qurolli kuchlar tinchlikni ta’minlaydigan tinchlikni saqlash zonasi bo‘ladimi? Ko‘rib turganingizdek, bu masala bo‘yicha biron bir bayonot berish uchun juda ko‘p ochiq savollar mavjud. Lekin shunisi ham aniqki, Germaniya Yevropadagi eng yirik NATO davlati va Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti sifatida unga befarq qarab turolmaydi", dedi Pistorius.
Qayd etish joiz, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok NATO tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishida o‘t ochishni to‘xtagan taqdirda Germaniyadan Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborishni istisno qilmagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOga a’zolik ko‘rinishidagi xavfsizlik kafolatlari bilan bir qatorda “sulhga rioya etilishini ta’minlash uchun xalqaro ishtirok” ham ko‘rib chiqilishi mumkin. Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, Germaniya tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday harakatni “bor kuchi bilan qo‘llab-quvvatlaydi”.
Biroq Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga nemis qo‘shinlarini yuborishga qarshi chiqdi. U urushni tugatishni rejalashtirishga hali erta ekani va spekulyatsiyalar “mutlaqo o‘rinsiz”ligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda 20 ga yaqin G‘arb davlati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ukrainaga G‘arb davlatlarining quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborish ehtimoli mavzusi ko‘tarilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda ishtirokchilar bu masala bo‘yicha konsensusga kela olmagan, ammo kelajakda bunday ssenariyni istisno qilib bo‘lmaydi.
LiveBarchasi