Pezeshkiyon Nasrullohning o‘limida AQSHni aybladi
Olam
−
28 Sentabr
5550Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSHni “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohni o‘ldirishda aybladi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z bayonotida Nasrullohni Isroilga qarshi kurashi uchun olqishladi va “sionistlarning terror hujumi qarshilik oilasini har qachongidan ham kuchliroq qilishini” ta’kidladi.
U, shuningdek, AQSHni Isroilni ochiq qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi.
“Xalqaro hamjamiyat bu terakt Nyu-Yorkdan buyurtma qilinganini unutmaydi va sionistlarning sheriklari bo‘lgan amerikaliklar o‘zlarini oqlay olmaydi”, deydi Pezeshkiyon.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 sentyabr kuni kechqurun Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari “Hizbulloh” tashkiloti shtab-kvartirasi joylashgan Bayrutning janubiy chekkasidagi aholi zich joylashgan Dahiya tumaniga kamida 10 marta raketa hujumi uyushtirgandi. Bugun, 28 sentyabr kuni SAXAL kechagi hujumida “Hizbulloh” harakati rahbari Hasan Nasrulloh o‘lganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay “Hizbulloh” ham rahbarining halok bo‘lganini tasdiqladi.