Pezeshkiyon Isroil uni o‘ldirishga uringanini aytdi

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroil uni o‘ldirishga uringanini ma’lum qildi. Bu haqda u joriy yilning 5 iyul kuni jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Ha, ular harakat qilishdi, mos ravishda harakat qilishdi, lekin bu ularga nasib etmadi”, dedi u bu haqdagi savolga javoban.

Eron Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, suiqasdga urinish paytida u “qanday qilib oldinga siljish mukinligi” masalalari muhokama qilinayotgan yig‘ilishda ishtirok etayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda Isroil yig‘ilish o‘tayotgan hududga zarba berishga uringan.

Jurnalist Taker Karlson ham Mas’ud Pezeshkiyondan intervyu olganini ma’lum qilib, Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy mojaro atigi bir yarim hafta oldin tugagani va u yana qaytadan boshlanishi ehtimoldan xoli emasligini bildirgan. Karlsonning ta’kidlashicha, intervyuning maqsadi “mutlaq haqiqat”ni bilish bo‘lmagan, chunki bu imkonsiz.

Eslatib o‘tamiz, Isroil joriy yilning 13 iyuniga o‘tar kechasi Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlaganini e’lon qilgan, bunga sabab sifatida Eron yashirin harbiy-yadroviy dastur ustida ishlayotganini ko‘rsatgan edi. Bombardimonlar va diversiya guruhlari reydlari oqibatida yadroviy ob’ektlar, yirik yadro olimlari hamda harbiy aviabazalar nishonga olingan.

Eron esa bu ayblovlarni rad etgan va o‘z hujumlari bilan javob qaytargandi. Qarama-qarshi hujumlar 12 kun davom etgan bo‘lib, jarayonga AQSH ham qo‘shilgan. 22 iyunga o‘tar kechasi AQSH Eronning yadroviy ob’ektlariga bir martalik zarba bergan. Shundan so‘ng, 23 iyun kuni kechqurun Eron Qatardagi “Al-Udayd” AQSH harbiy bazasiga raketa zarbasi bergan va bu orqali vaziyatni yanada keskinlashtirish niyati yo‘qligini bildirgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatishga kelishganini, 24 soat ichida bu “12 kunlik urushni rasmiy tugatish” sifatida e’lon qilinishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Taker Karlson Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing