Pezeshkiyon Erondagi namoyishlarda Tramp, Netanyaxu va Yevropaning qo‘li borligini aytdi
Olam
−
31 yanvar 3407 3 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH, Isroil va Yevropa yetakchilarini mamlakatdagi iqtisodiy muammolardan foydalanib, norozilik namoyishlarini qo‘zg‘atishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi kuchlar Eron jamiyatini parchalash maqsadida namoyishchilarga turli vositalar taqdim etgan. Bu haqda bugun, 31 yanvar kuni Prezident televideniye orqali chiqishida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, jonli efirda chiqish qilgan Pezeshkiyonning aytishicha, AQSH, Isroil va Yevropa yetakchilari begunoh odamlarni bu harakatlarga jalb qilish, jamiyatda bo‘linish va nizo uyg‘otish hamda noroziliklarni moddiy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga uringan.
“Tramp, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va yevropaliklar bizning muammolarimizdan foydalanib, jamiyatni parchalashga harakat qilishdi va hozir ham shuni davom ettirmoqda. Ular odamlarni ko‘chalarga olib chiqib, mamlakatni ichidan parchalashni, nizo va nafrat uyg‘otishni istashdi. Bu oddiy ijtimoiy norozilik emas edi”, dedi Eron Prezidenti.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa namoyishchilarni bir necha bor ochiq qo‘llab-quvvatlab, agar Eron rasmiylari norozilarni o‘ldirishda davom etsa, Vashington choralar ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan. AQSH rasmiylari Tramp turli variantlarni ko‘rib chiqayotganini, biroq Eronga zarba berish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Isroilning “Ynet” nashri AQSH Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli esminets Isroilning Eylat portiga kelib to‘xtaganini xabar qilgan.
2025 yil dekabr oyi oxirida inflyatsiya darajasining oshishi va yashash narxlarining qimmatlashuvi ortidan boshlangan ikki haftalik umumxalq norozilik namoyishlari mamlakat bo‘ylab tarqalgan. Ushbu tartibsizliklar chog‘ida kamida 6563 kishi, jumladan, 6170 nafar namoyishchi va 214 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan. Noroziliklar kuch bilan bostirilgach, namoyishlar to‘xtagan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa CNN telekanalida bergan intervyusida qurbonlar soni bo‘yicha boshqa raqamlarni keltirib, 3100 kishi, jumladan, 2000 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lganini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni kabi mintaqaviy davlatlar Vashington va Tehron o‘rtasida ehtimoliy harbiy to‘qnashuvning oldini olish maqsadida diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda.
AQSH muzokaralarni qayta boshlash sharti sifatida Erondan raketa dasturini cheklashni talab qilmoqda. Biroq, Eron bu talabni qat’iyan rad etmoqda. Tashqi ishlar vaziri Aroqchi 27 yanvar kuni Turkiyada bergan bayonotida raketa masalasi hech qachon muzokara mavzusi bo‘lmasligini ta’kidladi. AQSHning harbiy tahdidlariga javoban Aroqchi Tehron muzokaralarga ham, ehtimoliy urushga ham tayyor ekanini, shuningdek, mintaqada barqarorlik va tinchlikni ta’minlash uchun qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
“Rejim o‘zgarishi – bu xomxayol. Ayrimlar ana shu illyuziyaga ishonib qolgan. Bizning tizimimiz shu qadar chuqur ildiz otganki, ayrim shaxslarning kelishi yoki ketishi hech narsani o‘zgartirmaydi”, degan Aroqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pezeshkiyon AQSH muzokaralarni davom ettirish uchun “kamsituvchi shartlar” qo‘yayotganini va Eron bunday shartlarni qabul qilmasligini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi. Uning ta’kidlashicha, Eron na tahqirga, na zaiflikka yo‘l qo‘ymaydi.