Pezeshkiyon Eron poytaxtini ko‘chirishni taklif qildi

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat poytaxtini Tehrondan Fors ko‘rfazi sohillariga ko‘chirish zarurligini ma’lum qildi. Bu haqda “Fars News” xabar berdi.

“Mamlakat poytaxti sifatida Tehron muammolarga duch kelmoqda, bizda poytaxt markazini ko‘chirishdan boshqa choramiz yo‘q. Agar biz Tehrondan resurslar olib kelishni davom ettirmoqchi bo‘lsak, janub va dengiz tomondan keltiramiz. Keyin ularni mahsulotga aylantirib, eksport uchun yana janubga jo‘natamiz, bu bizning raqobatbardoshligimizni tobora pasaytiradi”, degan Pezeshkiyon.

Pezeshkiyonning so‘zlariga ko‘ra, tanlovdan so‘ng barcha davlat idoralari yangi poytaxtga ko‘chiriladi, shundan so‘ng tehronliklarga yangi poytaxtga ko‘chib o‘tish imkoniyati beriladi. Uning ta’kidlashicha, odamlar ularga ergashishi uchun hokimiyat birinchi qadamni qo‘yishi kerak.

“Tehronni hozirgi muammolari bilan rivojlantirishga urinish – vaqtni behuda sarflash”, deydi u.

Muammolar qatorida Prezident suv tanqisligi, havoning ifloslanishi va tuproqning cho‘kishini tilga olgan. Biroq, ko‘pchilik ekspertlar poytaxtni ko‘chirishga pul sarflagandan ko‘ra, Tehronning samarasiz va eskirgan infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, binolarni zilzilalarga qarshi mustahkamlash yaxshiroq ,deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Mas’ud Pezeshkiyon parlament yig‘ilishida Eron og‘ir iqtisodiy sharoitda va bundan ko‘plab fuqarolar noroziligini ma’lum qilgandi. Unda Pezeshkiyon rasmiylar mamlakatda qashshoqlikni kamaytirishga harakat qilishda davom etishini ta’kidlagan. Shuningdek, Eron Prezidenti mamlakatga qarshi tahdidlar haqida to‘xtalib, asosiy xavf AQSH tomonidan bo‘layotganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Fors ko'rfazi Tehron Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing