Peskov Zelenskiyning Qozog‘istonda muzokara o‘tkazish taklifiga munosabat bildirdi
Olam
−
24 Sentabr 2025 13281 2 daqiqa
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Qozog‘istonda Ukraina va Rossiya o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish haqidagi taklifiga munosabat bildirdi. Bu haqda u bugun, 24 sentyabr kuni RBK radiosi efirida gapirdi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Prezidenti ilgari ham ko‘plab variantlarni ilgari surgan, biroq ular Rossiya uchun “mutlaqo maqbul bo‘lmagan” davlatlar bo‘lgan. Masalan, Shveysariya va Avstriya tilga olingan, lekin Peskov ularni “de-fakto neytral emas” deb atadi.
Shu bilan birga, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning joriy yilning sentyabr oyi boshida Zelenskiy bilan uchrashuvni Moskvada o‘tkazishni taklif qilganini eslatdi. O‘shanda Putin Rossiya poytaxtini “eng yaxshi joy” deb atagan va Ukrainaga xavfsizlik hamda barcha sharoitlar kafolatlanishini aytgan.
Peskovning fikricha, uchrashuvni boshqa joyda o‘tkazishga bo‘lgan chaqiriqlar “ortiqcha talab” hisoblanadi.
Zelenskiy Moskva esa variantini qat’iyan rad etib, bu urush davom etayotgan bir paytda mutlaqo maqbul emasligini aytgandi. U bunga misol qilib: “Bu xuddi men Putinni Kiyevga kelishga majburlaganimdek gap”, degan.
Shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp Putin va Zelenskiy uchrashuviga chaqirib, unda o‘zi ham qatnashishi mumkinligini bildirdi. Biroq Germaniya kansleri Fridrix Mers va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kabi ayrim yetakchilar yaqin orada bunday sammitning bo‘lishiga shubha bilan qaramoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Nyu-Yorkda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashgandi. Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlari iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Vladimir Zelenskiy Ukraina hududidagi vaziyat yuzasidan o‘z qarashlarini bayon qilgan.
Keyinroq esa Zelenskiy “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralar olib borish joyi haqida fikr bildirib, Qozog‘istonda ham uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini aytgandi. U jurnalistning savoliga javoban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvga roziligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, Ukraina yetakchisi Moskvaga borib muzokara o‘tkazolmasligini, ammo boshqa variantlarga ochiqligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi