Peruning ag‘darilgan Prezidenti 20 yilga qamalishi mumkin
Olam
−
08 dekabr 2022
3214Peruning ag‘darilgan sobiq Prezidenti Pedro Kastilo isyon uyushtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “El Comercio” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Kastilo hozirda politsiya tomonidan hibsga olingan va bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 10 sutkaga tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Ayblovlardan eng jiddiysi isyonga urinishdir. Peru Jinoyat kodeksining 346-moddasiga binoan isyon uyushtirganlik uchun 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, sobiq davlat rahbari vakolatini suiiste’mol qilish va jamoat tinchligini buzishda ayblanmoqda. Qamoqqa olingan Prezident o‘z davrida qo‘zg‘atilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlarida ham ishtirok etgan.
Kecha, 7 dekabr kuni Kastilo parlament tomonidan hokimiyatdan chetlashtirildi. Prezidentning o‘zi esa Kongress (parlament) tarqatib yuborilgani va mamlakatda komendantlik soati joriy etilganini e’lon qildi. Kongressmenlar esa ovoz berish natijalarini bekor qilmadi va davlat rahbarining iste’fosini ma’qulladi. Harbiylar va politsiya Kongressni qo‘llab-quvvatladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Peru birinchi vitse-prezidenti Dina Boluarte davlat rahbari sifatida qasamyod qildi.