Peruda prezidentlik saylovi natijasi e’lon qilindi. Ammo g‘olib hamon noma’lum
Olam
−
16 iyun 2021
2556Peruda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida “Ozod Peru” (Perú Libre) chap partiyasidan nomzod Pedro Kastilo g‘alaba qozondi. Bu haqda “El Comercio” gazetasi xabar bergan.
Saylov natijalariga ko‘ra, Kastilo 50,125 foiz ovoz to‘plagan. Uning raqibi, Peru sobiq Prezidenti Alberto Fuximorining qizi Keyko Fuximori esa 49,875 foiz ovoz yig‘gan.
Saylovda Kastilo va Fuximori o‘rtasidagi farq atigi 44 ming ovozni tashkil etgan. Nashrning ta’kidlashicha, endi rasmiylar saylovoldi qonunbuzarliklari bo‘yicha nomzodlarning shikoyatlarini ko‘rib chiqishi kerak. Ushbu jarayon tugagandan so‘ng, kim g‘olib bo‘lgani aniq bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning noyabr oyida Peru Kongressi Prezident Martin Viskarraga impichment e’lon qilingandan so‘ng Manuel Merino Peru Prezidenti bo‘lgan. Merino hukumatga qarshi namoyishlarni tarqatish vaqtida 2 kishi halok bo‘lishi natijasida o‘tgan yilning 15 noyabrida iste’foga chiqqan.