Pentagon Ukrainaga 300 million dollar qo‘shimcha harbiy yordam ajratadi. U nimalardan iborat?
Olam
−
01 iyun 2023
3758Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga yana 300 million dollarlik harbiy yordam paketi o‘tkazilishini e’lon qildi. U Stinger zenit tizimlari, Avenger havo mudofaa tizimlari va AT-4 tankga qarshi tizimlarini o‘z ichiga oladi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, harbiy yordam paketi Kiyev HIMARS MLRS, Patriot havo mudofaa tizimlari hamda tanklar, artilleriya, aviatsiya va dronlar uchun o‘q-dorilarni ham o‘z ichiga oladi.
Vashington Ukrainaga HIMARS raketa tizimlari, Abrams tanklari va boshqa harbiy texnikalar jo‘natilishini ham e’lon qilgan. Bundan tashqari, F-16 qiruvchi samolyotlarini ham Kiyevga topshirishga ruxsat bergan.
Hozircha AQSH Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini berishdan bosh tortmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonga mazkur raketalarni Ukrainaga topshirish bo‘yicha bir necha marta talab qo‘ydi. Ammo AQSH Prezidenti Jo Bayden ATACMS ta’minoti masalasining hali ham ko‘rib chiqilayotganini bildirgan.
ATACMS raketalari 300 kmgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir. Zelenskiyning aytishicha, bunday qurollar rus harbiylari o‘z raketalarini front chizig‘idan uzoqroqqa joylashtirishiga sabab bo‘ladi va ularni Ukraina shaharlarini vayron qilish imkoniyatidan mahrum qiladi. Shunga qaramay, Ukraina ATACMS'ning ingliz analoglarini – 300 kmgacha bo‘lgan uzoq masofali Storm Shadow raketalarini olishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga yangi harbiy yordam paketining hajmi 375 million dollarni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi oliy vakili Jozep Borrel Yevropa tinchlik fondi Ukrainaga harbiy yordam uchun 10 milliard yevro ajratgani haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi