Pensiya yoshiga yetgan xodimni ishdan bo‘shatish taqiqlanyapti
Jamiyat
−
16 mart 2022
12813O‘zbekistonda xodimning pensiya yoshiga to‘lgani uchun mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanmoqda. Bu haqda kecha, 15 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda belgilandi.
Qarorda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xodimning pensiya yoshiga to‘lgani sabab ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Shuningdek, joriy yilning 1 sentyabriga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatda faol qarish indeksini joriy etish belgilandi.
Bundan tashqari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi ikki oy muddatda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida mahallalarda hayotiy va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli nuroniylar va ziyolilarni ishsiz, tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularni jamiyat uchun foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish dasturlarini ishlab chiqadi.
Endilikda fuqarolar yig‘inlarida jamoatchilik nazorati yo‘nalishida “Keksalar maslahati” guruhlari faoliyat ko‘rsatadi. Bunda, mahallalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi, davomati, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan ta’minlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi bo‘yicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
LiveBarchasi