Pensiya islohotiga qarshi namoyishlar Fransiyaga qanchaga tushdi?
Olam
−
30 aprel 2023
5254Joriy yilning yanvar oyidan beri Fransiyadagi pensiya islohotiga qarshi namoyishlar paytida Parij infratuzilmasiga yetkazilgan zarar 1,6 million yevroga tushdi. Bu haqda Fransiyaning “Le Parisien” gazetasi xabar berdi.
“Pensiya islohotiga qarshi 12 ta namoyish paytidagi tartibsizliklar natijasida yetkazilgan zarar shahar byudjetiga 1,6 million yevroga tushdi”, deyiladi maqolada.
Parij vitse-meri Emmanuel Greguarning ta’kidlashicha, bu miqdor faqat radikal fuqarolar tomonidan shahar ob’ektlariga yetkazilgan zarar xolos, lekin xususiy korxonalar ofislarida vayronagarchiliklarni ta’mirlash xarajatlari hisobga olinmagan.
Aniqlik kiritilishicha, shahar hokimiyati norozilik namoyishlaridan keyin ko‘chalarni tozalashga 536 ming yevro sarflagan, buning uchun ular ish vaqtidan tashqari ish haqini to‘lab, farroshlarni chaqirishga majbur bo‘ldi. Yana 106 ming yevro gulzor va panjaralar, avtobus bekatlari va bank oynalarini ta’mirlashga sarflangan. Ammo namoyishchilar vayron qilgan eng qimmat ob’ektlar bilbordlar va matbuot binolari (kioskalar) bo‘lgan. Ularni ta’mirlash uchun 836 ming yevro ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada pensiya yoshini 62 dan 64 ga ko‘taradigan va bir qator maxsus pensiya rejimlarini bekor qiladigan islohot loyihasi yanvar oyida taqdim etilgan edi. Mart oyida qonun loyihasi avvaliga parlamentning yuqori palatasi — Senat tomonidan ma’qullangan, keyin esa quyi palata – assambleyaning ma’qullashini chetlab o‘tib, hukumat tomonidan qabul qilingan. Shu bois parlamentda vazirlar mahkamasiga ishonchsizlik votumi bo‘yicha ikkita qaror ilgari surildi, biroq ularning hech biri kerakli miqdordagi ovozlarni ololmadi. Aprel oyida mamlakat Konstitutsiyaviy kengashi islohotning Asosiy qonunga muvofiqligini tan oldi, shundan so‘ng Makron pensiya yoshini oshirishni tasdiqlovchi hujjatni imzoladi.
Fransuzlar islohotdan noroziliklarini ko‘plab harakatlarda bildirdilar. Bunday harakatlarning eng yiriklari mart oyida bo‘lib o‘tdi. Masalan, 23 mart kuni, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda 1,1 millionga yaqin odam qatnashgan; “Umumiy mehnat konfederatsiyasi ”kasaba uyushmalari esa 3,5 million namoyishchilar qatnashganini bildirgan.
LiveBarchasi