Pelosining samolyoti Taybey aeroportiga qo‘ndi
Olam
−
02 avgust 2022
16075Bortida Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi bo‘lgan samolyot Tayvan poytaxti Taybeydagi Sunshan aeroportiga qo‘ndi.
Samolyot qo‘nishidan biroz avval Xitoy ommaviy axborot vositalari Xitoyning Su-35 qiruvchi samolyotlari Tayvan bo‘g‘ozini kesib o‘tayotgani haqida xabar tarqatdi.
Boshqa OAVlarga ko‘ra, AQSH harbiy-havo kuchlarining o‘nlab qiruvchi samolyotlari Yaponiyadagi bazalardan ko‘tarilgan, ular Tayvan tomon yo‘l olishmoqda.
Tayvan markaziy telekanallari mamlakatda ikkinchi darajali trevoga e’lon qildi.
Qayd etish kerak, Nensi Pelosi so‘nggi 25 yilda tashrif buyurgan eng yuqori martabali amerikalik amaldor bo‘ladi.
“Pelosi boshchiligidagi Amerika delegatsiyasi Taybeydagi “Grand Hyatt” mehmonxonasida bir kechaga 48 ta xonani band qildi”, deya xabar berdi mahalliy telekanallar.
Mehmonxona va uning atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Pelosi 3 avgust kuni soat 17:00 gacha Tayvanda bo‘lishi kutilmoqda. Tashrif davomida u mehmonxonada matbuot anjumani o‘tkazadi, Tayvan ma’muriyati rahbari Say Inven va mahalliy siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashadi.
Nensi Pelosi uning tashrifi AQSH Tayvanni qo‘llash borasida qanchalik qat’iy pozitsiyada ekanini ko‘rsatishini aytdi.
Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Osiyo turnesi davomida Malayziya, Singapur, Koreya va Yaponiyaga borishi rejalashtirilgan. Safar aprel oyida amalga oshirilishi kerak edi. Biroq palata spikeri koronavirusga chalingach, safar kechiktirildi.
Xitoy Pelosining Tayvanga borishi munosabatlarga jiddiy putur yetkazishi haqida bir necha marta ogohlantirdi. Hatto uning samolyotini urib tushrishi mumkinligini ko‘rsatish uchun Tayvanga eng yaqin viloyatida haqiqiy o‘qlardan foydalangan holda mashg‘ulot boshladi. Hatto viloyatga havo hujumidan mudofaa tizimlari ham joylashtirildi.
Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi.
AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.
LiveBarchasi