Pekinni suv bosdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
31 iyul 2023
13716Xitoy poytaxti Pekinda kuchli yomg‘ir tufayli paydo bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.
31 iyul kuni ertalab shaharning Mentougou tumanidagi daryoda o‘tkazilgan qutqaruv operatsiyasi chog‘ida halok bo‘lganlarning jasadlari topilgan.
Qayd etilishicha, 29 iyuldan beri Mentougouga o‘rtacha 320 mm yomg‘ir yog‘gan. Bir necha joylarda bu ko‘rsatkich 400 mm ga yetgan, ikki hududda esa 500 mm dan oshgan.
So‘nggi 24 soat ichida 31 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan. Pekin xalqaro aeroporti so‘nggi sutka ichida 92 ta reysni bekor qilgan. Aeroport ma’muriyati 30 iyulda 52 ta, 31 iyul kuni esa 40 ta reysni qoldirishga majbur bo‘lgan.
Xitoy meteorologlarining prognozlariga ko‘ra, 31 iyul va 1 avgust kunlari Xebey, Yunnan, Guychjou va Sichuan provinsiyalari, Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayoni, shuningdek, yirik megapolislar – Pekin va Tyanszin shaharlarida kuchli jala yog‘ishi kutilmoqda.
Pekin aholisiga ommaviy tadbirlar, treninglar va iqtisodiy faoliyatni to‘xtatish tavsiya qilingan. Ko‘pgina sayyohlik joylari jamoatchilik uchun yopib qo‘yilgan. Shahar hokimiyati bir qator tumanlarning mahalliy aholisini o‘z uylarini tark etmaslik, shuningdek, tog‘li hududlar, daryo va suv havzalari yaqinida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlar, ko‘chki va sel kabi hodisalarda ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan.
LiveBarchasi