Pedofillarning jinoyatini yashirganlar kim? Tashanov bilan ochiq intervyu

Intervyu

Bugun Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari davlat amaldorlari qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib, 10 oy davomida jinsiy zo‘rlanganini eshitmagan odam qolmadi. Eng achinarlisi qizlarni erkaklarning changaliga tashlagan begona emas, mehribonlik uyining “katta oyisi”. “Onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan?” deb shunga aytishsa kerak. QALAMPIR.UZ “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan aynan shu mavzuda suhbatlashdi. 

Mehribonlik uyi, ayollar qamoqxonasi, umuman inson huquqlari haqida gapirgan Tashanov bu kabi jirkanch holatlar amaldorlar tomonidan sodir etilayotgani va yashirilganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Bu holatni tahlil qildik. Mansabdorlar mehribonlik uyiga “mehribonlik” qilishgan, sovg‘a-salomlar ulashishgan, go‘yoki ularni qo‘llab-quvvatlab kelishgan. Birorta muassasa muammodan holi emas. Shu jumladan, mehribonlik uyida ham muammolar talaygina. Bularni hal qilish uchun IIV, prokuratura yoki hokimlik kabi tashkilotlar yordam berishi mumkin. Buning ortida, albatta, yashirin ehtiyoj yoki ishtiyoqlar bo‘lishi mumkin. Buning bittasi esa jamoatchilikka oshkor bo‘lib qoldi. 

Mehribonlik uyi bilan bog‘liq bu kabi muammo yangilik emas. 2018 yilda Marg‘ilondagi mehribonlik uyida ham bundanda dahshatli fojia sodir bo‘lgani aniqlandi. Hatto homiladorlik holati ham fosh bo‘lgandi o‘shanda. Bundan tashqari, Qo‘qon, Chinozdagi mehribonlik uylarida ham shunga o‘xshash holatlar sodir bo‘lgandi. Achinarlisi, esa bularning ko‘plari yashiriladi”, deydi Abdurahmon Tashanov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayollarga nisbatan zo‘rlik ishlatish holatlari mehribonlik uylaridan tashqari ayollar qamoqxonasi va tergov izolyatorlarida ham sodir bo‘lgan. Bu haqda inson huquqlari faolining o‘zi Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillariga ham xabar bergan va mansabdorlarni ishdan bo‘shatishga muvaffaq bo‘lingan. Tashanovning aytishicha, tergov izolyatorida ayolga nisbatan zo‘rlik ishlatganlar orasida hozirgi kunda hokim bo‘lib faoliyat olib borayotganlar ham bor. 

“Hozirgacha esimda 2011-2012 yillarda tergov izolyatorlari, ayollar qamoqxonalarida zo‘rlash bilan bog‘liq bir necha jinoyatlar sodir bo‘lgan. Bu kabi muammolar xalqaro tashkilotlar darajasiga ham ko‘tarilgan. Bu masalalar hozirga kelib mehribonlik uylariga ulandi. Buning ildizi esa qonunsizlik, qonunga itoat etmaslik va nazoratning susayganida. Bir necha yillar avval tergov izolyatoridagi ayolga zo‘rlik ishlatishda asosiy figurant bo‘lganlar hozirgi kunda hokim bo‘lib yuribdi. Bu juda achinarli”, deydi “Ezgulik” jamiyati raisi. 

Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Xorazmda sodir bo‘lgan holat bir necha oy avval Oliy Majlis Senatida muhokama qilingan. Muhokama jarayonida senatorlar, Adliya vazirligi va Ombudsman vakili ham ishtirok etgan. O‘sha vaqtda jim o‘tirgan “kattalar” mavzu jamoatchilik tomonidan muhokama qilinganidan so‘ng hech narsa bilmagandek munosabat bildirishyapti. 

“Davlat boshqaruvi shaffof bo‘lishi kerak. Konstitutsion reformalarning o‘tkazilishi ham jamiyatni o‘rganish yo‘lidagi tadqiqot deb aytish mumkin. Bu o‘zgarishlar o‘xshaydigan bo‘lsa, shaffof davlat boshqaruviga erishish mumkin. Ammo erishish ham juda qiyin, chunki jamiyatning o‘ziga yarasha muammolari bor. Bu muammolar bir yillik emas. Avvalgi boshqaruvdan keyingisiga juda og‘ir meros qoldi. Bizdan keyin ham qiyinroq meroslar qolishi mumkin”, deydi inson huquqlari faoli. 

Pedofillarning ochiq ro‘yxati yuritilishiga to‘xtalgan Tashanov ro‘yxat va kimyoviy bichish masalasi juda bahsli ekanini qo‘shimcha qildi. 

“Pedofillarning ro‘yxatini yuritish bahsli masala. Qolaversa, Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov ham bu kabilarni kimyoviy bichish vaqti kelganini aytib chiqdi. Qonunchilikka kastratsiyani kiritish juda katta jarayon hisoblanadi. Sud huquq tizimi “normalno” bo‘lmagan, tergov organi korrupsiyaga o‘tirib olgan bir vaqtda bu jazoni kiritish juda qiyin. Chunki bundan fuqarolar katta jabr ko‘rib qolishi mumkin. Qolaversa, o‘lim jazosini joriy etish ham yuqori darajadagi masala hisoblanadi. Qonunchilikka pedofiliya jinoyatini allaqachon majmua sifatida kiritish vaqti kelgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston qonunchiligida pedofiliya jinoyatini qamrab oladigan moddalar yo‘q”, deydi “Ezgulik” jamiyati raisi.

“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Pedofillar davlat amaldorlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing