“O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi. Bosqin ostidagi Ukraina maxfiy xizmatlarining Rossiyadagi sarguzashtlari
Tahlil
−
03 iyun 19387 9 daqiqa
Imperialistik tafakkuridan voz kechmayotgan Rossiya 1 iyun kuni Ukraina tomonidan nokdaun holatiga tushirildi. Ukraina maxsus xizmatlari Rossiyaning bepoyon yerlarida shunday operatsiya o‘tkazdiki, bu amaliyot gollivud industriyasi uchun tayyor ssenariyga aylandi. Kristofer Nolan uchun tap-tayyor ssenariy, shunchaki qog‘ozga tushirib olsa bas.
Ukraina tomonidan Rossiyaning turli bir-biridan ancha uzoq o‘lkalarida amalga oshirilgan operatsiya CIA, MI6 va “Mossad” kabi qudratli maxfiy xizmatlarning havasini keltirishi turgan gap. Rossiyaning ichida turib, uning muhim strategik ob’ektlariga halokatli zarba yo‘llash orqali unga bir necha soat ichida milliardlab dollar zarar yetkazish qo‘llanmasi bu. Ukraina maxfiy xizmatlari o‘tmish va bugungi kun bilimlari hamda yutuqlarining jamlanmasini shu tarzda taqdim etdi.
Zamonaviy “troya oti”
Yunonlar miloddan avvalgi 1200 yillar atrofida Egey dengizi qirg‘og‘idagi Troyaga mo‘l-ko‘l o‘lja ilinjida bostirib borgani va u yerda 10 yil jang qilgani va shuning 9 yilini behuda sarflagani haqida tarixiy manbalar hikoya qiladi. Qadimgi yunon shoiri Gomer o‘zining “Illiada” dostonida shu urushning o‘nichi yili haqida hikoya qilib, yunonlar hiyla orqali shaharga kirganini bayon qiladi. “Illiada”da yozilishicha, yunonlar huddiki qamalni to‘xtatib, o‘zini tinchlik o‘rnatmoqchidek tutadi va yarashuv belgisi sifatida shaharga ulkan sovg‘ani topshiradi. Bu ichi bo‘m-bosh, yog‘ochdan yasalgan bahaybat ot edi. Troyaliklar mazkur sovg‘ani qabul qiladi. Kechga borib esa uning ichiga yashirincha joylashtirilgan yunon askarlari yog‘och otdan tushib, Troya darvozasini ochadi va shahar egallanadi. Shundan buyon “Troya oti” tushunchasi xosiyatsiz sovg‘a ma’nosining anglatib keladi. Ushbu hodisa qadimgi dunyo tarixida rostdan ham bo‘lganmi yoki yo‘q, bunisi qiziq emas, eng asosiysi shunga o‘xshash voqelik siz-u biz yashayotgan zamonda 3 yildan ortiq davom etayotgan Rossiyaning Ukrainaga bosqini davrida ro‘y berdi.
Joriy yil 1 iyun kuni Rossiya ichida turgan holda yuk mashinasi ustidan parvozga ko‘tarilib, mamlakatning harbiy salohiyatiga jiddiy shikast yetkazgan Ukraina dronlari ham shu “Troya oti”ni yodga soldi. “O‘rgimchak to‘ri” deb nom berilgan operatsiya uchun zarur resurs kontrabanda yo‘li bilan kirgan va tayyorgarlik Rossiya hududida amalga oshirilgan.
31 may kuni Rossiya Ukrainaga 472 ta dron bilan bosqin boshlagan kundan to hozirgacha bo‘lgan davrdagi eng yirik havo hujumini uyushtirgandi. Oradan bir necha soat o‘tib, Kiyev Moskvaning bu yurishiga misli ko‘rilmagan tarzda javob qaytardi. Amur viloyatidagi aerodrom, Irkutskdagi Belaya, Ryazandagi Dyagilevo, Murmansk viloyatidagi Olenya va Ivanovo viloyatida joylashgan shu nomdagi aviabazalarga hujum qilindi. Rossiya Mudofaa vazirligi mazkur hududlardagi havo zarbalarini tasdiqladi. Rus harbiylariga ko‘ra, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi hujumlar qaytarilgan. Murmansk va Irkutsk viloyatlarida esa bir nechta samolyot bo‘linmalari yonib ketgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi davomida Rossiya strategik aviatsiya samolyotlarining 34 foizidan ayrilganini davo qildi. Ya’ni Rossiyadagi asosiy aerodromlarda joylashgan strategik qanotli raketa tashuvchilarning 34 foizi jiddiy zarar ko‘rdi. Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu halokatli yo‘qotishlarning umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50 nomli kuzatuv samolyoti, Tu-95 va Tu-22M3 strategik bombardimonchi samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar berdi. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan.
Manbalar Kiyev bu operatsiyani mustaqil tarzda, Oq uyni ogohlantirmay amalga oshirgani haqida xabar berdi. Albatta siyosiy qarorlarni kayfiyatga qarab o‘zgartirib boruvchi yarim asrlik tadbirkor bilan juda uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rilgan nozik operatsiyani muhokama qilish hammasini puchga chiqarishi hech gap emas. Zelenskiyning esa og‘zi qulog‘ida. U “Pautina” ya’ni “O‘rgimchak to‘ri” nomli reja mukkamal tarzda bajarilganini ma’lum qilib, UXX rahbari Vasiliy Malyuk va operatsiyada qatnashgan barchaga minnatdorlik bildirdi. Ukraina rahbari buni “noyob operatsiya” deb atagan holda Rossiya bu urushni tugatishi uchun Kiyev hamma narsani qilishga tayyoligini ma’lum qildi.
“Pautina” – oskarga munosib ssenariy
3 yildan ortiq davom etayotgan mudofaa yuki va bosimi, mashaqqatli himoya Ukraina xavfsizlik xizmatini Isroilning “Mossad”i, AQSHdagi CIA'dan qolishmaydigan darajaga olib chiqqan ko‘rinadi. Kiyev borgan sari sirli kitobga aylanmoqda. Rossiyaga rus yerlarida turib qaqshatqich zarba berish orqali Zelenskiy ma’muriyati Trampning “qo‘lingda hech qanday karta yo‘q” degan so‘zlariga yaxshigina javob berdi. Tramp “o‘rgimchak to‘ri” operatsiyasidan keyin boshqa bu so‘zlarni tilga olmasa ham kerak. Biz esa “pautina” amaliyoti qanday o‘tkazilganiga batafsil to‘xtalamiz.
Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan 1 yil-u 6 oy 9 kun davomida tayyorgarlik ko‘rilgan ushbu operatsiyada yuk mashinalari orqasida 117 ta havo uchuvchisiz uchoqlarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan va ularni Rossiyaning to‘rtta havo bazasining yoniga joylashtirilgan. Zelenskiy mazkur amaliyotning bosh ofisi Rossiya viloyatlaridan birida joylashgan Federal xavfsizlik xizmati qarorgohining yonginasida bo‘lganini aytdi. Ammo tafsilotlarni batafsil ochiqlamadi. Shu paytgacha ma’lum bo‘lganlaridan eng asosiysi Ukraina maxfiy xizmatlari Rossiyani karaxt ahvolga solgan “Pautina”ni amalga oshirishda juda keng ko‘lamdagi hududlarni qamrab olgan. Strategik zarbalar uchun tanlangan nuqtalardan biri Finlandiya, yana boshqasi Mongoliya yaqinida joylashgan. Gap bir-biridan minglab km uzoqlikda joylashgan ob’ektlar haqida ketmoqda va bu Ukraina maxsus xizmatlari Rossiyaning istalgan hududiga qadam bosa olishini anglatadi.
Ularning har biri Ukrainadan juda uzoq masofada. Masalan, Olenya bazasi Ukrainadan 2000 kilometr uzoqlikdagi Murmansk yaqinida Arktik doirada joylashgan. Nishonga olingan boshqa aerodromlar, jumladan Irkutskdagi Belaya Ukrainaning Rossiya bilan chegarasidan taxminan 4500 kilometr narida. Shuningdek, Rossiyaning strategik bombardimonchi kuchlarini tayyorlash markazi bo‘lgan Ryazandagi Dyagilevo Ukrainadan 520 kilometr uzoqlikdagi baza hisoblanadi. Bundan tashqari, yana bir muhim strategik ob’ekt – Rossiya harbiy transport samolyotlari uchun baza hisoblanadigan Ivanovo Ukraina yerlaridan 800 kilometr uzoqda joylashgan. Shuning uchun “Pautina” operatsiyasi bir emas, bir yo‘la 3 ta vaqt mintaqsida o‘tkazilgan. Makon, zamon va logistika nuqtai nazaridan juda murakkab masala, ammo Ukraina buni uddaladi. Dronlar Rossiyaga yuk mashinalarida olib kelinib, yog‘och ko‘chma uylar ichida yakuniy lahzalarga tayyorlangan. Ular yuk mashinalariga o‘rnatilgan mobil yog‘och uylarning tomlari ostiga yashirilgan. Zarba berish vaqti kelganda esa tomlar masofadan ochilgan va dronlar rus bombardimonchi samolyotlarini urib tushirish uchun parvozni boshlagan.
Bitta hujum aks etgan videoda yuk mashinasidan ko‘tarilgan dronlar ko‘rinadi, yana bir rasmda esa yuk mashinasining tomi yerda joylashgan. Mazkur asr operatsiyasiga aloqador va unda qatnashgan barcha mas’ul shaxslarning allaqachon Ukrainaga qaytgani haqidagi rasmiy xabar esa hammasidanda hayratlanarli. Zarba tasvirlangan videolarda joylardagi sanoqli mahalliy aholi ushbu hodisaga guvoh bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ammo shu kuni ko‘pchilik qatori Rossiya maxsus xizmatlari urushlar tarixida yangi sahifa ochgan ushbu taktik uslubni jonli ko‘rish imkonidan mahrum edi.
Kerak bo‘lsa yer tagidan boramiz – UXX
“O‘rgimcha to‘ri” operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan so‘ng, UXX o‘z bayonotida Rossiyaga jiddiy signal berdi; “agar kerak bo‘lsa, ularga hatto yer ostidan ham yetib boramiz”. Ha, Ukrainadagi qator muvaffaqiyatsizliklar va marhum Prigojin tomonidan Moskvaga qilingan marshdan so‘ng Rossiya qudrati haqidagi gap-so‘zlar mifga ancha yaqin ekani asta-sekin oydinlashgandi. O‘tgan yili yozda Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ilk bor Rossiya hududining bir qismi qamal ostida qolganidan so‘ng, Putinning mudofaa devori paxsadan iboratdek tassurot qoldirgandi. Bugunga kelib esa Ukraina maxfiy xizmatlari rus yerlarining istalgan hududida ularga milliardlab zarar yetkazishi mumkinligi oydinlashdi.
Ba’zi harbiy sharhlovchilar va Rossiyadagi asosiy bosqin targ‘ibtchilari, ya’ni “Z” blogerlar “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini Ikkinchi jahon urushi paytida Yaponiyaning AQSHdagi eng muhim strategik nuqtalardan biri Pyorl-Harborga bergan halokatli zarbasiga taqqoslamoqda. AQSHning yuqori martabali mudofaa mulozimining CNN telekanaliga aytishicha esa, Ukraina hujumi ular ilgari ko‘rmagan darajada o‘ta murakkablik emish. Shu o‘rinda bir necha kun oldin AQSH Prezidenti Donald Trampning “Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaga hujumini o‘rganyapti va bundan tajriba ortiryapti” degan ma’nodagi gapi yodga tushdi. Ha, Vashington bu ketishda Rossiya qolib, asosan Ukrainadan kerakli saboqlarni o‘rgansa ham ajab emas.
Rossiya motam tutmoqda
2 iyundan 4 iyungacha Rossiyada motam e’lon qilindi. Lekin bu Ukraina dronlari Rossiya harbiy aviatsiyasini tormor qilgani bilan bog‘liq emas, balki shu voqeadan bir necha soat oldingi fojia tufaylidir. Gap shundaki, Rossiyaning Bryansk viloyatida avtomobil ko‘prigi temiryo‘l ustiga qulashi oqibatida Moskva tomon harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Hodisa 31 may kuni mahalliy vaqt bilan 22:44 da Bryansk viloyatida joylashgan “Pilsino-Vigonichi” yo‘nalishidagi bir yo‘lakli temiryo‘l bo‘lagida sodir bo‘lgan. Unda avtomobil ko‘prigining ustki qismi qulab tushgan. Oqibatda ”Klimovo–Moskva” yo‘nalishida harakatlanayotgan 86-sonli yo‘lovchi poyezdining lokomotivi va vagonlari relsdan chiqib ketgan. Ko‘prik konstruksiyasi qulab, uning bo‘laklari ostidan o‘tayotgan yo‘lovchi poyezdining ustiga tushgan. Hodisa oqibatida 7 kishi vafot etgan va yana 90 ga yaqin yo‘lovchi jarohatlangan. Viloyat gubernatoriga ko‘ra, motam kunlarida Bryansk viloyatining barcha hududlarida Rossiya bayrog‘i, viloyat va mahalliy bayroqlar yarim ustunga tushiriladi. Hududdagi madaniyat muassasalari hamda televideniye va radiokanallar barcha ko‘ngilochar tadbirlar va efirlarni bekor qildi.
Ammo bu o‘sha soatlarda Rossiyada sodir bo‘lgan yagona ko‘prik qulashi emas. Rossiyaning Kursk viloyatida ham shunga o‘xshash holat yuz berdi, ammo bu safar temiryo‘l ko‘prigi poyezd bilan birgalikda qulab tushdi. Trostna-Kalinovka yo‘lining 48-kilometrida ko‘prik ustidan poyezd o‘tib ketayotgan vaqtida u qulab tushgan. Hodisa oqibatida 1 kishi jarohatlangan. Kursk viloyati rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, lokomotiv haydovchilaridan birining oyoqlari shikastlangan. Ko‘prikning qulash sabablarini aniqlash ishlari davom etmoqda. Rossiyadagi Telegram-kanallarning yozishicha, ushbu voqeaga portlash sabab bo‘lgan. Ular ko‘prik ustunlariga ikkita portlovchi moslama o‘rnatilgani, ushbu qurilmalardan biri ustunga, ikkinchisi esa temiryo‘lning boshlanishidan 30 metr masofada, yo‘l ostiga joylashtirilgani haqida xabar berdi. Holat yuzasidan esa o‘rganishlar davom etyapti.
Bu voqealar aynan Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” deb nomlangan tarixiy operatsiyasi bilan juda yaqin soatlarda sodir bo‘lgani, Bryanskdagi avtomobil ko‘prigi aynan poyezd o‘tayotgan mahal uning ustiga qulagani uchun ancha shubhali ko‘rinyapti. Biroq hozircha bu ishda Ukraina izi borligi haqida rasmiy bayonotlar yangraganicha yo‘q. Kiyev ham faqat “Pautina”ni tan oldi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham 31 may va 1 iyun kunlari Rossiya harbiy aviatsiyasi va FXX uchun “motam” sifatida hali ko‘p eslanadi.
Albatta, bu Ukraina xavfsizlik xizmatining uddaburonligi natijasidir. Shu o‘rinda esa “qoloq davlatlar o‘z fuqarolari, qudratli davlatlar esa boshqa mamlakatlar haqida ma’lumot to‘playdi”, degan ibora yodga tushadi. Ukraina xavfsizlik xizmati kelajakda ko‘plab davlatlardagi hamkasblariga o‘z aholisini o‘rganishga ketkazadigan kuch va qimmatli vaqtini o‘zga mamlakatlar va potensial dushmanlarga sarflashi kerakligi xususida yaxshigina dars bo‘lishi kerak.
Live
Barchasi