Pashinyan shartnomani imzolasa tinchlik bo‘ladi, yo‘qsa... Aliyev Gruziyadan Yerevanga ogohlantirish berdi

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston tinchlik shartnomasini imzolashiga, undan keyin mintaqada tinchlik hukm surishiga umid bildirdi. Bu haqda u bugun, 24 oktyabr kuni Gruziyaga amalga oshirgan tashrifida mamlakat Bosh vaziri Irakliy Garibashvili bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha bayonotda so‘z ochdi. 

Qayd etish o‘rinliki, Ozarbayjon Prezidenti o‘tgan 7 yilda birinchi marta Gruziyaga tashrifni amalga oshirmoqda. 

“Biz Armanistonga beshta asosiy tamoyilni yetkazdik va umid qilamizki, Armaniston siyosiy iroda ko‘rsatadi, tinchlik muzokaralarini boshlaydi va Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolaydi. Agar shunday bo‘lsa, Janubiy Kavkazda tinchlik hukm suradi”, deydi u matbuot anjumanida.  

Ozarbayjon rahbari, shuningdek, Pragada Yevropa siyosiy hamjamiyatining oktyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan sammiti doirasida Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun Gruziya-Ozarbayjon-Armaniston muzokaralari platformasi formatini yaratishni taklif qilganini ham eslatdi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, agar Yerevan bunga o‘z tarafidan tayyorligini bildirsa, Baku bu g‘oyani amalga oshirishga hozir. 

Shuningdek, muzokaralar bo‘yicha bayonotda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili ham Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash muhimligini urg‘ulab, bundan Gruziya ham manfaatdor ekanini aytgan. 

“Ta’kidlamoqchimanki, Gruziya, men va hukumatimiz birgalikda boshlagan tinchlik siyosatini davom ettirishga va qo‘llab-quvvatlashga to‘liq tayyor ekanimizni e’lon qilamiz. Yana shuni ta’kidlamoqchimanki, tilga olingan tinch qo‘shnichilik tashabbusi hamkorlikning boshqa formatiga zid emas va o‘rnini bosmaydi, aksincha, yordam beradi va biz birgalikda ko‘p muhim ishlarni amalga oshirishimizga ishonaman”, deydi Garibashvili.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasii Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ozarbayjon Armaniston bilan uzoq muddatli tinchlikka erishmoqchiligini aytgandi. 

Joriy yilning mart oyida Baku Yerevanga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha beshta asosiy tamoyilni o‘z ichiga olgan takliflarni taqdim etgan edi. Jumladan, davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, bir-birining chegaralari daxlsizligi va siyosiy mustaqilligini o‘zaro tan olishi, bir-biriga nisbatan hududiy da’volar yo‘qligini tasdiqlash va kelgusida bunday da’volarni qo‘ymaslik majburiyati, kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan voz kechish. Shuningdek, takliflar chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatish, transport va boshqa kommunikatsiyalarni ochish hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ham o‘z ichiga oladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Irakliy Garibashvili

Baholaganlar

60

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing