Pashinyan Ozarbayjon bilan ehtimoliy urush haqida gapirdi
Olam
−
19 Sentabr 2023
8101Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.
“Armaniston jangovar harakatlarda ishtirok etmaydi va yana bir bor ta’kidlamoqchiman, Armaniston Respublikasining Qorabog‘da armiyasi yo‘q. Hozirda biz hech qanday shoshqaloq harakatlar qilmaymiz”, degan Bosh vazir.
“Vestnik Kavkaza” nashrining katta tahlilchisi Andrey Petrovning ta’kidlashicha, Nikol Pashinyanning bayonotini ikki xil talqin qilish mumkin.
Birinchisi, Armaniston haqiqatan ham ikki davlat chegarasida Ozarbayjon qo‘shinlariga hujum qilishga urinmaydi. Ikkinchisi esa Armaniston hujum qiladi, lekin Yerevan an’anaga ko‘ra, jangovar harakatlarni qo‘zg‘atishda o‘z aybini rad etadi.
“Qaysi ssenariy Pashinyan uchun foydaliroq? Shubhasiz, birinchi. Yerevanning ushbu aksilterror operatsiyaga aralashuvi Ozarbayjonga qarshi urush e’lon qilish bo‘lib, bu Armaniston hukumati uchun katta xavf tug‘diradi. Pashinyan har qanday vaziyatda ham hokimiyatda qolishni afzal ko‘rishi tayin”, deydi Andrey Petrov.
Tahlilchiga ko‘ra, agar Armaniston haqiqatan ham Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlardan voz kechsa, Qorabog‘ iqtisodiy hududidagi aksilterror operatsiyasi bir necha kun ichida tugaydi va keyinchalik ikki davlat o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar davom etmaydi. Shunda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasi tezroq imzolanishi uchun eng yaxshi sharoitlar yaratiladi.
“Shu bilan birga, arman armiyasi hamon jangovar harakatlarda ishtirok etayotganini qo‘shimcha qilish kerak. Pashinyan arman harbiylari Xonkendida ekanligini inkor etadi, ammo bu yolg‘on. Armaniston Qurolli Kuchlarining bo‘linmalari urushdan keyingi butun uch yil davomida Rossiya tinchlikparvar kuchlarini vaqtincha joylashtirish zonasida bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, Armaniston rasmiylari xalqaro miqyosda o‘zlariga keraksiz muammolarni keltirib chiqarmaslik uchun endi ulardan voz kechmoqda. Darhaqiqat, Ozarbayjonda noqonuniy yashayotgan bu harbiylar endi o‘z amri bilan taqdir taqozosiga tashlab ketilgan. Shuning uchun ular uchun eng yaxshi chiqish yo‘li qurollarni tashlab, taslim bo‘lishdir”, deb xulosa qilgan “Vestnik Kavkaza” katta tahlilchisi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Armaniston TIV esa Ozarbayjonni (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ aholisiga qarshi “keng ko‘lamli tajovuz”ni boshlaganlikda ayblagan.
LiveBarchasi