Pashinyan Qorabog‘dagi Rossiya kuchlarining faoliyatidan nolidi

Olam

image

Qorabog‘da yuzaga kelgan vaziyat mintaqadagi Rossiya tinchlikparvar kuchlarining faoliyati bo‘yicha qator savollarni paydo qiladi. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun, 4 avgust kuni hukumat yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Tog‘li Qorabog‘da (armanlar Qorabog‘ni shunday nomlagan) 2020 yildan buyon, jumladan, so‘nggi kunlarda bo‘lib o‘tgan bir qator voqealar Armaniston jamoatchiligida Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvarlik amaliyotining mazmuni va mohiyati haqida savollar tug‘dirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvarlik amaliyoti tafsilotlarini kelishib olish zarurati paydo bo‘ldi”, degan u.

Shuningdek, u rossiyalik tinchlikparvar kuchlardan Qorabog‘dagi to‘qnashuv chizig‘ini buzishga qaratilgan har qanday urinishlarni to‘xtatishini kutishini aytgan. Pashinyan Qorabog‘dagi vaziyatda favqulodda murakkab, deb baholagan.

“Ma’lumki, oxirgi kunlarda Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi vaziyat nihoyatda og‘irlashdi. Janglar natijasida Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, yana 19 nafari yaralandi”, deya harbiylar xotirasi uchun bir daqiqa sukut saqlashni so‘ragan Pashinyan.

Pashinyanning aytishicha, Armaniston harbiylari Tog‘li Qorabog‘da xizmat qilmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Qorabog‘ bo‘yicha 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonot ijrosini buzishga urinmoqda. 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonotga ko‘ra, Yerevan mintaqada tinchlik o‘rnatishdan voz kechmoqchi emas.

U, shuningdek, Armaniston Ozarbayjonning g‘arbiy qismi va Naxichevan o‘rtasida aloqani ta’minlashga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘ida vaziyatning keskinlashishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan.

Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda. Rasmiy Yerevan Qorabog‘dagi voqealarga hozircha izoh bermadi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilgani va Qorabog‘dagi qator tepaliklar nazoratga olinganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga bugun Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta qishloqi va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing