Pashinyan Bakuni terrorizmda aybladi. Otishmada 3 politsiyachi qurbon bo‘lgan

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 5 mart kuni Tog‘li Qorabog‘da 3 nafar politsiyachi halok bo‘lgan ozarbayjonlik harbiylarning harakatlari terrorchilik aktiga aylanganini aytdi. Bu haqda kecha, 6 mart kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining fransiyalik hamraisi Bris Rekfay bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Respublika Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati ma’lum qildi. 

“Bosh vazir fransuz hamraisi e’tiborini 5 mart kuni Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘da qo‘poruvchilik harakati sodir etgani, buning oqibatida (tan olinmagan – tahr.) Tog‘li Qorabog‘ IIV pasport-viza departamentining uch nafar xodimi halok bo‘lgani, bir kishi yaralanganiga qaratdi”, deyiladi bayonotda. 

Pashinyan bildirishicha, Ozarbayjon qo‘poruvchilik guruhining xatti-harakatlarini terrorizmdan boshqa narsa deb baholash mumkin emas.

“Pashinyan Ozarbayjon qariyb uch oy davomida Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘yish va Tog‘li Qorabog‘da gumanitar falokat yaratishga qaratilgan harakatlarga parallel ravishda Arsaxning arman aholisini etnik tozalashning yakuniy maqsadiga erishish uchun terror qilishda davom etayotganini qo‘shimcha qildi”, deydi Vazirlar Mahkamasi.

Shu bilan birga, Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi sharoitda Lochin yo‘lagi va Tog‘li Qorabog‘ga xalqaro faktlarni aniqlash guruhini yuborish hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. 

Rasmiy Yerevanga ko‘ra, joriy yilning 5 mart kuni Ozarbayjon harbiylari pasport-viza bo‘limining navbatchilik mashinasini o‘qqa tutishi oqibatida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining uch nafar politsiyachisi halok bo‘lgan, yana biri yaralangan.

Rasmiy Bakuning bildirishicha, Ozarbayjon Mudofaa vazirligiga Armaniston Respublikasidan Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashtirilgan Ozarbayjon hududiga Xankendi-Xalfali-Turshsu tuproq yo‘li bo‘ylab harbiy texnika, o‘q-dorilar va shaxsiy tarkibni olib o‘tgani haqida tezkor ma’lumot kelib tushgan. Ushbu ma’lumotlarni tekshirish maqsadida Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari tomonidan noqonuniy harbiy yuk tashishni amalga oshirayotgan avtomashinalarni to‘xtatish va tekshirishga harakat qilingan. Mudofaa vazirligi Armaniston tomoni o‘t ochganini, otishma oqibatida har ikki tomondan qurbonlar va yaradorlar borligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Ozarbayjon-Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing