Pashinyan Armaniston xalqidan xatolari uchun kechirim so‘radi
Olam
−
01 mart 2021
5258Armaniston poytaxti Yerevandagi Respublika maydonida Bosh vazir Nikol Pashinyan tarafdorlarining mitingi boshlandi, deb xabar bermoqda RBK muxbiri. Hukumat rahbari odamlarga shaxsan murojaat qilib, ulardan kechirim so‘ragan.
Ma’lum qilinishicha, olomon deyarli butun Respublika maydonini to‘ldirgan. Pashinyan Hukumat binosidan o‘z tarafdorlari oldiga rafiqasi bilan, qo‘riqchilar qurshovida, olomonning “Nikol, Nikol!” deya qichqiriqlari fonida chiqib kelgan.
“30 yillik mustaqillik davomida barcha ehtimoliy xatolarga yo‘l qo‘yildi. Inqilobdan keyingi ikki yil va o‘n oy ichida jiddiy xatolarga ham yo‘l qo‘yildi. Gap Hukumatimiz haqida, shaxsan men haqimda. Va men barchangizdan, Armanistonning barcha fuqarolaridan, barcha diaspora armanilaridan, Arsaxning barcha fuqarolaridan meni kechirishlarini so‘ramoqchiman”, deydi u odamlarga murojaat qilib.
Shu bilan birga, Pashinyan Bosh shtab rahbari Onik Gasparyanning iste’fosini izlashda davom etish niyatida ekanligini tasdiqladi va buni muqarrar deb atadi.
“Qurolli Kuchlar Bosh shtabining bayonoti (unda Pashinyanning iste’fosini talab qildi – tahr.) mutlaqo noqonuniy, chunki Konstitutsiya qurolli kuchlarning siyosiy masalalarda betarafligini aniq belgilab qo‘ygan. Bosh shtab boshlig‘i aniq ifoda etilgan siyosiy yo‘nalishga rioya qiladi, bu esa Armanistonning barcha qoidalari hamda Konstitutsiyasini buzadi”, deydi Bosh vazir.
Eslatib o‘tamiz, 25 fevral, Armaniston armiyasi mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilgandi.
Keyinchalik, Yerevanda keskinlikning kuchayishi ortidan Pashinyan o‘z tarafdorlari bilan poytaxt ko‘chalari bo‘ylab yurish o‘tkazdi va Respublika maydonida bir necha bayonotlar berdi.
Shundan so‘ng, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Respublikadagi vaziyatni muhokama qildi.
Bugun, 1 mart kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning muxoliflari Yerevan markazidagi Hukumat binosiga bostirib kirdi.
LiveBarchasi