Parlamentlar pandemiya paytida qanday ishlayapti?

Bu qiziq

image

Bugungi kunda COVID-19 infeksiyasi muammosi umumiylik kasb etib, tobora kuchayib bormoqda. Ko‘pgina davlatlar virus tarqalishining oldini olish uchun qat’iy karantin choralarini joriy etdi. Hukumat va davlat rahbarlari koronavirus panemiyasiga qarshi kurashda qat’iy choralarni ko‘rmoqda. Parlamentlar ham o‘z vakolatlarini amalga oshirib, koronavirus keltirib chiqargan inqirozning salbiy oqibatlarini oldini olishga qaratilgan qonunlarni qabul qilish kerak. 

Parlamentlararo Ittifoqning parlamentda innovatsiyalar markazi koronavirus inqirozi davrida dunyo parlamentlarining ishlash usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi shu haqda ma’lumot berdi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab parlament yig‘ilishlarini tashkil etishning uch xil amaliyoti kuzatilyapti.

Birinchi amaliyotda parlament ayrim cheklovlar bilan xalq vakillarining shaxsan ishtirokida majlislar o‘tkazishni davom ettiryapti. Ya’ni, yalpi majlis va qo‘mita yig‘ilishlarining soni kamaytirildi. Binoda parlament a’zolari va xodimlarining soni qisqartirildi. Ayrimlari masofaviy ish tartibiga o‘tkazildi. Parlament majlislari o‘tkaziladigan joylar o‘zgartirildi. Masalan, yanada samarali ijtimoiy masofalanish imkonini beradigan katta zallardan foydalanilyapti.

Ikkinchi amaliyotga ko‘ra, parlamentlar masofaviy ish usullaridan foydalangan holda virtual tarzda majlislar o‘tkazishni davom ettirmoqda. Masofadan turib o‘tkaziladigan yig‘ilishlar uchun texnik infratuzilma mavjud. Ko‘pgina parlamentlar masofadan ishlash vositalarining imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Biroq, bu bir qator muammolarni, shu jumladan, masofadan ishlash, xavfsizlik va autentifikatsiya uchun huquqiy asoslarni belgilash kabi masalalarini keltirib chiqarmoqda.

Uchinchi amaliyotda, parlamentlar majlislar o‘tkazmayapti. Bunga parlamentlarning parlament ta’tilini e’lon qilgani sabab bo‘ldi. Ayrim mamlakatlar, jumladan, Buyuk Britaniya parlamenti bir qator favqulodda choralar bo‘yicha ovoz berishdan so‘ng barvaqt ta’til (parlament ishida tanaffus) e’lon qildi. Shuningdek, Yangi Zelandiya parlamenti o‘z reglamentini o‘zgartirib, maxsus qo‘mitaga palataning barcha a’zolari o‘rniga o‘z yig‘ilishlarini o‘tkazishga ruxsat berdi. Lekin Parlamentlararo Ittifoqning qayd etishicha, siyosiy iroda yoki texnik imkoniyatlarning yetishmasligi parlament yig‘ilishlarini o‘tkazishga xalaqit berishi mumkin.

Ta’kidlash joiz, ayrim parlamentlar masofadan ishlashni ta’minlash uchun qonunlar va protseduralar (reglamentlar, qoidalar)ga o‘zgartirish kiritmoqda. Xususan, Ispaniya va Braziliyada parlament palatalari majlislarni virtual tarzda o‘tkazish imkoniga ega bo‘lish uchun o‘z reglamentlariga o‘zgartishlar kiritdi. Boshqa parlamentlar, jumladan, Estoniya, Isroil va Buyuk Britaniya qo‘mitalarining majlislarini virtual tarzda o‘tkazishiga ruxsat berish uchun o‘zlarining qat’iy qoidalarini yumshatishmoqda.

Parlamentlarda masofadan turib ishlash nafaqat operatsion tizimlarni qo‘llab-quvvatlash, balki yangi sharoitlarda ishlash uchun qo‘shimcha texnologiyalarni joriy qilishga javobgar bo‘lgan parlamentning Axborot kommunikatsiya bo‘limlari uchun muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘plab parlamentlarning axborot kommunikatsiya tizimlarida masofadan turib boshqarilish imkoniyati mavjud bo‘lsada, bulardan odatda yetarli darajada foydalanilmaydi. Hujjatlarni yuritish va boshqarish uchun allaqachon mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanib keladi.

Parlamentlararo Ittifoqning axborotida xorijiy davlatlar parlamentlarida masofadan turib majlislar o‘tkazishda foydalanilayotgan texnik vositalar va dasturlar to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Virtual majlislarni tashkil etishda xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, xavfsizlik — parlament ishini qo‘llab-quvvatlash uchun tanlangan har qanday dasturiy ta’minot uchun o‘ta muhim omildir. Mahalliy ichki dasturlar va vositalarni ishlab chiqish xavf-xatarlarni kamaytirishning usullaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, parlamentlar masofaviy qarorlarni joriy etishda xalq vakillarining ishonchli aloqa manbalariga ega ekanliklarini inobatga olishi kerak. Bunga kafolat berilmasa, hujjatlarni almashish va ovoz berish uchun sinxron bo‘lmagan usullardan foydalanish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston parlamenti – Oliy Majlis qanday ishlayapti? Ko‘plab xorijiy parlamentlar singari pandemiya vaqtida to‘liq faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rdi. Oliy Majlis palatalari yig‘ilishlarni ayrim cheklovlar bilan parlament a’zolarining ishtirokida o‘tkazishni davom ettirmoqda.

Ushbu jarayonda deputatlar parlament ishini tashkil qilishda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanishmoqda. Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining koronovirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha bergan tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan tibbiy-sanitariya choralariga qo‘shimcha ravishda Oliy Majlis palatalari tomonidan bir qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Unga muvofiq, yalpi majlis, qo‘mita va fraksiyalarning yig‘ilishlarining soni qisqartirildi. Mazkur tadbirlar videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilmoqda. Shuningdek, parlament a’zolari va Devon xodimlarining soni qisqartirildi. Ba’zilari masofadan ishlash usuliga o‘tdi. Majlislar va boshqa parlament tadbirlari ijtimoiy masofalanish qoidalariga rioya etilgan holda o‘tkazilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish bo‘yicha yalpi majlisi va qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish deputatlarning shaxsiy ishtirokida o‘tkazilib, ularda kvorumni ta’minlaydigan miqdordagi deputatlar ishtirok etmoqda. Yalpi majlislarda tegishli vazirlik va idoralar vakillari videokonferensiya orqali ishtirok etyapti.

Parlament majlislari, shu jumladan, fraksiyalar va qo‘mitalarning yig‘ilishlarini videokonferensiya orqali o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ta’kidlash joiz, ayni paytda, Oliy Majlis palatalari faoliyatida “Elektron parlament” tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur tizim parlament va deputat so‘rovlarini Internet tarmog‘i, xususan, parlament veb-sayti, maxsus portal va mobil ilova orqali shakllantirish va saylovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini beradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda Parlamentlararo Ittifoqning tahlillari va tavsiyalarini inobatga olgan holda “Elektron parlament” tizimini joriy etish doirasida masofadan turib majlis o‘tkazish, masofadan turib ovoz berish va boshqa parlament tadbirlarini o‘tkazishni huquqiy tartibga solish maslalarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.


Maqola muallifi

Teglar

parlament koronavirus

Baholaganlar

3

Reyting

3.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing