Parlament tezkor va maxsus transportlarga yo‘l bermaganlik uchun jarimani oshirishni rad qildi

Jamiyat

image

Ichki ishlar vazirligi tezkor va maxsus transport vositalarining to‘siqsiz o‘tib ketishiga halaqit berish holatlari uchun jarimalarni oshirishni taklif qildi. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Oliy Majlis deputati va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov partiyasi fraksiyasi vazirlikning bu taklifiga rad javobi berganini ma’lum qildi.

IIV Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-modda 5-qo‘shimchasining birinchi va uchinchi qismiga o‘zgartirish kiritishni taklif etgan. Unga ko‘ra, birinchi qismda tezkor va maxsus xizmat transport vositalarini to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit qilinsa jarimaning amaldagi 5 barobar bazaviy hisoblash miqdorini 10 barobargacha ko‘tarish, uchinchi qismda, shu holat takroran sodir etilsa amaldagi 20 bazaviy hisoblash miqdorini 25 barobarga ko‘tarish taklif qilinmoqda.

Tezkor va maxsus xizmat transport vositalariga tez yordam, o‘t o‘chirish, xuquqbuzarlikni bartaraf etish maqsadida harakatlanayotgan transportlar kiradi. Deputat xalqaro tajribaga ko‘ra bunday transportlar uchun yo‘llarning maxsus qismlari bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

“Ichki ishlar vazirligi jarimalarni oshiraverishdan ko‘ra hukumatga avtoyo‘llarni zamonaviy talablarga moslashtirish bo‘yicha tashabbus bersa ma’qulroq bo‘lar edi. O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan ushbu taklifni rad etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, deya fikrini yakunlagan Alisher Qodirov.

"Milliy tiklanish" partiyasi tashabbusi 82 nafar deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va IIV taklifini rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

jarima Milliy tiklanish

Baholaganlar

54

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing