Parlament Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilishini tasdiqladi 

Jamiyat

image
Rasman: Qoraqalpog‘istonda bir oylik favqulodda holat e’lon qilindi north_east

Rasman: Qoraqalpog‘istonda bir oylik favqulodda holat e’lon qilindi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 2 iyul kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Ushbu farmonni Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tasdiqladi. 

Qayd etilishicha, parlament palatalari Konstitutsiyaning 78-moddasi birinchi qismi 19-bandiga va “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun 8-moddasining uchinchi qismiga muvofiq qaror qabul qilgan.

Qarorga muvofiq, Prezidentning 2 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni tasdiqlanadi.

Ushbu qo‘shma qaror O‘zbekiston Prezidentiga yuboriladi. Hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 3 iyuldan 2 avgustdacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida 30 kunlik favqulodda holat rejimi e’lon qilingandi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

179

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing