Parkent tumaniga yangi prokuror tayinlandi
Jamiyat
−
18 avgust 2023
11560Jasurbek Turg‘unboy o‘g‘li Hayitboyev Toshkent viloyatining Parkent tuman prokurori etib tayinlandi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 avgust kuni Jasurbek Hayitboyev Parkent tumani prokurori lavozimini egallagan. Yangi prokuror 1989 yilda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. U 2010 yilda Namangan davlat universitetini tamomlagan.
Jasurbek Hayitboyev tayinlovga qadar Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi lavozimida ishlagan.
Joriy yilda Parkent tumani hokimining o‘rinbosarlaridan biri jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan va bir muddat o‘tgach, ozodlikka chiqarilgan. Mazkur voqealar fonida, 14 iyul kuni tumanning sobiq prokurori Sharifjon Akbarov hech qanday izoh va sabablar keltirilmagan holda ishdan olingan.
Ma’lumot uchun, Sharifjon Akbarov 2022 yilning fevral oyida ushbu lavozimga tayinlangan. Unga qadar esa Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Ohangaron tumani prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Muzaffar Abrorovich Rashidov Qibray tumaniga hokimi etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi. Mazkur tayinlov Xalq deputatlari Qibray tumani kengashining qarori bilan amalga oshirilgan.