Parijga tayyorgarlik bugundan boshlanadi – Prezident paralimpiyachilar bilan uchrashdi
Sport
−
10 Sentabr 2021
4814O‘zbekiston sportchilari Parijda o‘tkaziladigan Olimpiadaga hozirdanoq tayyorgarlikni boshlashi kerak. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Prezident o‘z nutqida dastlab, Tokioda bo‘lib o‘tgan XVI Paralimpiya o‘yini ishtirokchilarini yutuq va g‘alabalar bilan qutladi hamda qo‘lga kiritilgan natijalarni e’tirof etdi.
“Men ushbu taqdirlash marosimiga ustozlaringiz bilan birga ota-onangizni ham chaqirdim. Bilasizmi, ota-ona uchun eng katta baxt – bolasining kamolini ko‘rish. O‘zingiz ham ota-ona bo‘lganingizda yaxshiroq tushunasiz. Men sizdek farzandlarni tarbiyalaganlari uchun ularga ta’zimdaman va minnatdorman”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida karantinga olingan hamda Paralimpiada o‘yinlarida medal qo‘lga kirita olmagan sportchilarga murojaat qildi:
“G‘olib bo‘lmasangiz ham ushbu musobaqada matonat bilan qatnashganingiz uchun rahmat aytaman. Bugun bo‘lmasa, Parijda albatta bo‘ladi! Shu o‘rinda, bu galgi musobaqalarda omadi kelmagan yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: jahondagi eng kuchli sportchilar bellashgan Paralimpiya o‘yinlarida qatnashib, o‘z salohiyatingizni dunyoga namoyon etganingizni o‘zi ham katta iftixordir”.
Shavkat Mirziyoyev har bir sportchi, xususan, yengil atletikachi qizlar- Nozimaxon Qayumova, Mohigul Hamdamova, Safiya Burhonova hamda raqibalari orasida eng yosh bo‘lgan taekvondochi Guljanoy Naimovaga alohida tashakkur bildirdi.
Shuningdek, davlat rahbari kelgusi musobaqalarga stol tennisi, qilichbozlik, kamondan otish, velosport, ot sporti, badminton singari sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalar uchun kurashish kerakligi haqida aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 19 ta medalga ega chiqdi: 8 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza. Ushbu natija evaziga mamlakat terma jamoasi 160 dan ziyod davlatlar o‘rtasida o‘n oltinchi, Osiyo qit’asi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida to‘rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinni egalladi.
LiveBarchasi