Parijdagi to‘polonda Messining futbolkasi o‘g‘irlandi

Sport

−

image

Fransiya poytaxti Parijda yuz bergan tartibsizliklar vaqtida argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi imzolagan “Barselona” futbolkasi va u foydalangan sardorlik bog‘ichi o‘g‘irlandi. Bu haqda “Noticias Argentinas” agentligi ma’lum qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 17 oktyabr kuni yuzlarini niqob bilan berkitgan shaxslar muzeyga bostirib kirib, Messining “Barselona”dagi faoliyati davriga tegishli futbolka va sardorlik bog‘ichini olib ketgan.

Biroq muzeyning nomi, buyumlarning qiymati va Messi ulardan qaysi uchrashuvlarda foydalangani haqida ma’lumot berilmagan.

Shuningdek, Fransiyaning “Cpasdeslol” axborot sahifasi “X” ijtimoiy tarmog‘ida Zinedin Zidanning ismi va dastxati tushirilgan “Real Madrid” futbolkasi aks etgan videoni e’lon qildi. Post muallifi mazkur buyum ham tartibsizliklar vaqtida o‘g‘irlanganini da’vo qilgan. Hodisaning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 17 oktyabr kuni Fransiyaning bir qator hududlarida turmush xarajatlarining yuqoriligi va ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Ayrim joylarda noroziliklar huquq-tartibot idoralari bilan to‘qnashuvlarga va tartibsizliklarga aylangan.

“Le Monde” nashri keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, dam olish kunlari mamlakat bo‘ylab taxminan 2 400 kishi hibsga olingan, 997 nafar politsiya xodimi, jandarm va o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tinch namoyishchilarning talablarida qonuniy asoslar bo‘lishi mumkinligini tan olgan holda, tartibsizliklarda ishtirok etgan shaxslar javobgarlikka tortilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marsel shahrida talonchilar “Olimpik Marsel” futbol klubining rasmiy do‘koniga bostirib kirib, uni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing