Parijda Rossiya elchixonasi yaqinidagi ko‘chaga Navalniy nomi beriladi

Olam

image

Parij rasmiylari rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy sharafiga Fransiya poytaxti ko‘chalaridan birining nomini rasman tasdiqladi. Bu haqda shahar meriyasiga tayanib, “Novaya gazeta” xabar berdi.

“Navalniy Parij rasmiylari tomonidan Vladimir Putin diktaturasiga qarshi kurashdagi roli uchun mukofotlangan”, deyiladi shahar hokimiyati xabarida.

“Novaya gazeta”ning yozishicha, Parij deputatlari 12 fevral kuni shahar meri Ann Hidalgoning tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan. Munitsipal kengashda 163 deputat bor.

Shunday qilib, 16-okrugdagi Avenue de Pologne'ning bir tomoniga Navalniy nomini berishga qaror qilindi. Ko‘cha nomi Avenue Alexeï Navalny bo‘ladi. Bu ko‘cha Rossiyaning Parijdagi elchixonasi binosidan 400 metr uzoqlikda joylashgan.

Nom qo‘yilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim sanasi hozircha ma’lum qilinmagan. Nashrda aytilishicha, bunga “bir necha oy bor”. 

Shu hafta, 16 fevral kuni Rossiya rasmiylari uning Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi “Qutb bo‘risi” koloniyasida vafot etgani haqida xabar berganiga roppa-rosa bir yil bo‘ladi. O‘lim haqidagi guvohnomada siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgani aytiladi. Navalniyning tarafdorlari uning o‘ldirilganiga ishonishadi. Navalniy qamoqqa olinganda jami 300 kundan ortiq jazo izolyatoriga joylashtirilgan.

Deutsche Welle” kecha, 13 fevral kuni marhum muxolifat yetakchisining avtobiografik kitobi Vestminster kitob mukofotining 2024 yilgi sovrindori bo‘lganini yozdi. U “Parlament a’zosi yozmagan eng yaxshi siyosiy kitob” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda 12 fevral kuni Britaniya parlamentida bo‘lib o‘tgan marosimda ma’lum qilindi.

Vestminster kitob mukofoti 2016 yilda Britaniya kitob sotuvchilar uyushmasi va nashriyotchilar uyushmasi tomonidan ta’sis etilgan. Bu Buyuk Britaniyaning yagona siyosiy yozuvchi mukofoti bo‘lib, kitob sotuvchilar tomonidan tuziladi va parlament a’zolari tomonidan ovoz beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Frantsiya Parij Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing