Paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rahbar saylandi
Sport
−
19 avgust 2019
4238Bugun, 19 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar berdi.
Konferensiyada assotsiatsiyaning amaldagi raisi Ulug‘bek Mirhaydarovning o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha yozgan arizasi ko‘rib chiqildi va uning o‘rniga yangi rahbar saylandi.
Yig‘ilish davomida Ulug‘bek Mirhaydarov arizasini konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan uning iste’fosini qabul qilishdi.
Assotsiatsiyasi raisligiga shu paytgacha O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muxtorxon Maqsudovich Toshxo‘jayev nomzodi ilgari surildi. Ovoz berish jarayonida barcha bir ovozdan yangi nomzodni ma’qulladi va Muxtorxon Toshxo‘jayev O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rahbar etib saylandi.
“Avvalo, menga bildirilgan ishonch uchun hammaga rahmat. Oldimizda Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlaridek mas’uliyatli musobaqa turibdi. Rioda qayd etilgan natija tasodif emasligini isbotlash uchun barchamiz birgalikda harakat qilamiz. Jamoaning hamjihatligisiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Umid qilamanki, barchamiz bir jamoa bo‘lib, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni ado etamiz”, dedi Muxtorxon Toshxo‘jayev.
Tadbir yakuniga yetgach, barcha Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasida jam bo‘ldi. U yerda MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov Paralimpiya assotsiatsiyasi mutasaddilari, sportchi va trenerlar bilan suhbatlashdi. MOQ prezidenti uchrashuv davomida tashkilot a’zolariga yangi rahbarni yana bir bor tanishtirib, Muxtorxon Tashxo‘jayevning faoliyatida omad tiladi.
LiveBarchasi