Panjsherdagi odamlar ochlikdan o‘lishi mumkinligi aytildi
Olam
−
10 Sentabr 2021
13750Afg‘onistonning Panjsher viloyati aholisi mamlakat poytaxti Qobulga qochmoqda. Ularning ma’lum qilishicha, agar hozirgi vaziyat davom etsa, viloyatda odamlar ochlikdan o‘lishi mumkin. Bu haqda “Tolo News” telekanali xabar bergan.
Telekanal Panjsherdan Qobulga ko‘chib kelgan bir necha oila bilan suhbatlashgan. Jangda o‘g‘lini yo‘qotgan oilalardan biri viloyatda gumanitar inqiroz boshlangani haqida xabar bergan.
“Hujumlar va to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘ldi, odamlar hatto tog‘larga qochib ketdi”, degan Shayesta Mehraban oilasi a’zolaridan biri telekanalga.
Ta’kidlanishicha, viloyatda janglar boshlanganidan ko‘p o‘tmay, yo‘llar to‘silgan, elektr va aloqa uzilgan.
Shu bilan birga, “Tolibon” vakillari yaqinda viloyatda elektr energiyasini qayta ulashga ishontirgan.
Afg‘oniston Qochqinlar ishlari bo‘yicha vaziri vazifasini bajaruvchi Xalil al-Rahmon Haqqoniyning aytishicha, yaqinda Panjsher viloyatida o‘z uylarini tashlab ketgan va mojarodan jabrlanganlarga yordam berish jarayoni boshlanadi.
“Biz Panjsher va boshqa joylardagi ko‘chirilganlarga kerakli yordam ko‘rsatishga harakat qilamiz”, degan Haqqoniy.
Avvalroq, toliblar Panjsher viloyatidan minglab odamlarni chiqarib yuborgani va u yerda etnik tozalash ishlarini olib borayotgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot o‘rnida, Panjsher Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan.
LiveBarchasi