Pandemiya vaqtida eng ko‘p foyda ko‘rgan milliarderlar ma’lum bo‘ldi
Olam
−
02 Sentabr 2020
202592019 yil oxirida tarqala boshlagan va joriy yilda avj olib ketgan koronavirus infeksiyasi dunyo boylariga jiddiy zarar yetkazdi. Xususan, eng yirik aviakompaniyalar, mehmonxonalar ham bankrotlik yoqasiga kelib qoldi. Ammo pandemiya hammaga ham birdek fojia bo‘lmadi. Ba’zi milliarderlar pandemiya davrida jamg‘armasini sezilarli oshirib oldi. Hozir shular haqida so‘z yuritamiz.
Pandemiya davrida “Zoom” onlayn-konferensiya dasturi asoschisi Erik Yuanning boyligi katta tezlikda ko‘payib boryapti. Kecha, 1 sentyabr kuni u 5,2 milliard dollar ishlab topdi. Hozirda uning boyligi 22 milliard dollarga yetdi. Bu haqda “Bloomberg” ma’lum qildi.
“Zoom” 31 avgust kuni choraklik daromadlari to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qilganidan keyin yana kompaniya aksiyalari 41 foizga o‘sdi. Shu tariqa o‘tgan yilning shu vaqtiga nisbatan umumiy o‘sish 355 foizni tashkil qildi.
Kompaniyaning sof daromadi qariyb 186 million dollarni tashkil etadi.
“Zoom” mijozlari bazasi 2019 yilga nisbatan 458 foizga o‘sib, ayni paytda 370,2 ming nafarni tashkil etmoqda.
“Zoom”ning bu qadar rivojlanishiga koronavirus pandemiyasi sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, pandemiya g‘oliblari qatorida birinchilikni, sayyoramizning eng boy odami “Amazon” kompaniyasi rahbari Jeff Bezos egallab turibdi.
Bezos tarixda boyligi 200 milliard dollardan oshgan birinchi odam bo‘lib, bu borada rekord o‘rnatdi.
Yangi inqirozdan foyda ko‘rganlar qatorida, shuningdek, “Tesla” kompaniyasi asoschisi Ilon Mask ham bor.
Uning boyligi 114 milliard dollarga o‘sdi, “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, u dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egalladi.
Ma’lumot uchun, Maskning boyligi o‘sishining asosiy omili Tesla aksiyalari narxining keskin ko‘tarilishi bo‘lgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yil boshidan buyon kompaniya aksiyalari qiymati 475 foizga oshdi.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi