Paxta terimchilariga ustama haq to‘lanadi
Jamiyat
−
03 noyabr 2021
6522Kecha, 2 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “2021 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 666-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 2021 yil hosili uchun yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olishga talab etiladigan mablag‘lar va ularning manbalari viloyatlar kesimida tasdiqlandi.
Moliya vazirligiga klasterlarga paxta xom ashyosini terib olish uchun yillik 14% stavkada (shundan 1% bank marjasi) kredit ajratish maqsadida 6 oy muddatda qaytarish sharti bilan "Agrobank" ATB depozitiga 1,6 trln so‘mgacha mablag‘lar joylashtirish topshirildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga binoan paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari bilan ishsiz hamda vaqtinchalik band bo‘lmagan aholidan iborat terim otryadlari rahbarlari o‘rtasida mavsumiy ishga qabul qilish bo‘yicha fuqarolik-huquqiy shartnomalari tuziladi.
Terim otryadlari rahbarlariga paxta yig‘im-terimi yakuniga qadar 2 mln so‘m miqdorida mehnat haqini to‘lash uchun qilingan xarajatlar paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan joriy yil 1 dekabrga qadar taqdim etilgan aniq hisob-kitoblar va buyurtmalarga asosan qoplab beriladi.
2021-2023 yillarda Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida tavsiya etilgan xizmat tariflaridan kelib chiqqan holda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish xizmat bahosining 30%i respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Tegishli ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 3 yil muddatga bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda "erkin muomalaga chiqarish" bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
Quyidagi hududlarda paxta xom ashyosi yig‘im-terimiga terimchilarni qo‘shimcha jalb qilish maqsadida qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 230 so‘mdan ustama haq to‘lanadi:
• Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida;
• Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida;
• Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida.
LiveBarchasi