“Padaringga la’nat, haromi”. Boyovutning so‘kong‘ich hokimi fermerga kuch ishlatdi (video)
3-sahifa
−
01 noyabr
27340Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolovaning ovozi ekani aytilgan audio yozuv keng tarqalib, unda hokim fermerlardan birini keskin haqoratlab, qo‘l-oyog‘ini bog‘latib, ichki ishlar xodimlariga topshirib yuborgani qayd etilgan.
Xabarlarda aytilishicha, O‘zbekistondagi kamsonli ayol hokimlardan bo‘lgan O‘rolova joriy yilning 25 oktyabr kuni tuman fermerlari bilan dalashiyponlarning birida majlis o‘tkazib, ushbu yig‘ilishda “Abdumandat ota farzandlari” fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Hojiyevni haqoratlab, unga nisbatan hatto kuch ishlatgan.
Hokim fermerga e’tiroz bildirar ekan, undan nega paxtani terdirmaganini so‘ragan. Fermer esa bunga javoban g‘alla ekish boshlanganini va shu ish bilan shug‘ullanganini aytgan.
O‘rolova Hojiyevga qarata gapirar ekan, haddidan oshgan holda uning otasini la’natlagan, yuziga tarsaki tushirgan, fermerning esa bu tahqirlardan ko‘zi yoshlangan, g‘ururi toptalgan. U hokimdan vafot etgan otasini haqoratlamaslikni so‘ragan.
Jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘layotgan hodisa bo‘yicha QALAMPIR.UZ Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi.
Hokimlikning bildirishicha, audioyozuvning haqqoniyligi, holat qachon, qayerda va qanday vaziyatda yuz berganiga oydinlik kiritilib, viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishida ushbu holat keskin tanqidiy muhokama etilgan.
Komissiya tomonidan ushbu xatti-harakatlar davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini buzish, deb baholangan va o‘z navbatida, tuman hokimi holat bo‘yicha tushuntirish berib, yuzaga kelgan vaziyatdan pushaymonligini aytgan.
Hozirda yig‘ilish bayonnomasi asosida Dilfuza O‘rolovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov fuqaroga tarsaki tushirgan edi.
LiveBarchasi