Banklarga litsenziya berish tartibi o‘zgaradi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom 32-band (Qonun hujjatlariga muvofiq aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining vakolatiga kiruvchi masalalar bank kengashi yoki uning boshqaruviga topshirilmaydi) quyidagi tahrirda bayon etildi:

“32. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining vakolatiga kiruvchi masalalar bank kengashi yoki uning boshqaruviga topshirilmaydi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.”

52-band (Faqat moliyaviy ahvoli mustahkam va obro‘ga ega bo‘lgan norezident banklarga O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z sho‘’ba banklarini ochishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda, qisqa muddatli majburiyatlari Fitch Ratings, Moody’s yoki Standart and Poor’s tasniflari bo‘yicha A1 (yoki A+)dan past bo‘lmagan reytingga ega bo‘lgan norezident banklar ustunlikka egadirlar) quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

“Markaziy bank bilan norezident bank joylashgan mamlakatdagi bank nazorati organi o‘rtasida imzolangan xalqaro shartnomada (memorandumda) norezident bankning reytingi va ustav kapitaliga yuqoridagidan farqli talab o‘rnatilishi mumkin.”

53-band (Norezident jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan, shuningdek, ellik foizdan ortiq aksiyalari (ishtirokchilar badallari) norezident jismoniy va/yoki yuridik shaxslarning egaligida, foydalanuvida yoki tasarrufida bo‘lgan rezident yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan banklarning aksiyalarini sotib olish, ularga egalik huquqini berish va shu kabi boshqa munosabatlar bo‘yicha kelishuvlar faqat Markaziy bankning oldindan ruxsati olinganidan so‘ng amalga oshiriladi) quyidagi tahrirda bayon etildi:

“53. Norezident jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan, shuningdek ellik foizdan ortiq aksiyalari (ishtirokchilar badallari) norezident jismoniy va/yoki yuridik shaxslarning egaligida, foydalanuvida yoki tasarrufida bo‘lgan rezident yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan bankning aksiyalari umumiy miqdorining besh foizi yoki undan ortig‘ini sotib olish, ularga egalik huquqini berish va shu kabi boshqa munosabatlar bo‘yicha kelishuvlar faqat Markaziy bankning oldindan ruxsati olinganidan so‘ng amalga oshiriladi.

Ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan bankning aksiyalari umumiy miqdorining besh foizidan kamini sotib olish, ularga egalik huquqini berish va shu kabi boshqa munosabatlar bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirganidan so‘ng bir kun ichida ushbu kelishuvning amalga oshirilganligi to‘g‘risida Markaziy bankka Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 56-son qarori bilan tasdiqlangan Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq shaklda yozma ravishda xabarnoma yuboradi.”

Quyidagi mazmundagi 111-1-band bilan to‘ldirildi:

“111-1. Bank bank xizmatlari ofislarini tashkil qilishga haqli.
Bank xizmatlari ofislari Markaziy bankda hisobga qo‘yiladi.”

Quyidagi mazmundagi 111-2-band bilan to‘ldirilsin:

“111-2. Bank bank xizmatlari ofisini hisobga qo‘yish uchun uni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 kun ichida Markaziy bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

•    bank boshqaruvi raisi tomonidan imzolangan bank xizmatlari ofisini hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi ariza;

•    bank vakolatli organining bank xizmatlari ofisini tashkil qilish to‘g‘risidagi qaroridan ko‘chirma;

•    bank xizmatlari ofisi to‘g‘risidagi nizom.”


Maqola muallifi

Teglar

litsenziya bank

Baholaganlar

10

Reyting

2.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing