Ozodbek Nazarbekov Bobomurod Hamdamovni mukofotladi
Madaniyat-san’at
−
12 avgust 2022
16739O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamovni “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Bu voqea Bobomurod Hamdamovning 82 yoshni qarshilashi hamda ijodiy faoliyatining 60 yilligi munosabati bilan “Ehtirom” teledasturida tashkil etilgan ijodiy kechada yuz berdi.
Ozodbek Nazarbekovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida tabrik matni ham e’lon qilingan bo‘lib, Madaniyat vaziri Bobomurod Hamdamovning qariyb butun umri sahnada o‘tganligiga urg‘u bergan va san’atkor nafaqat o‘zbek, balki boshqa millatlarning ham qalbini zabt etganini qayd etgan.
“O‘zining betakror ijrosi, shirali ovozi bilan o‘zbek san’atida munosib o‘rniga ega, ustoz ijodkor O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamovga qalb e’zozida ehtirom ko‘rsatdik. Ta’kidlash kerakki, Bobomurod Hamdamov o‘z yo‘nalishida munosib ijod maktabiga ega, nafaqat o‘zbek balki hind, turkman, tojik kabi millatlar qalbini zabt eta olgan bebaho san’atkordir. Biroz avval ustoz bilan birga qo‘shiq kuylab, bu insonning sahnaga bo‘lgan hurmati, shijoati, chin yurakdan ijrosini ko‘rib, to‘g‘risi havas qildik.
Har bir insonni hayotlik chog‘idayoq qadrlash, unga munosib ehtirom ko‘rsatish juda muhimdir. Barchamizga xuddi ustozdek doimo e’zoz va ehtiromda bo‘lib yurish nasib etishini niyat qildik. Qadringiz bundanda baland bo‘lsin, ustoz!”, deydi Ozodbek Nazarbekov.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston xalq artisti Bobomurod Hamdamov 1940 yilning 4 mart kuni Turkmanistonning Turkmanobod shahrida dunyoga kelgan. 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Uning ijrosidagi “Kim ekan”, “Lazgi”, “Amu-Sir Surxonim”, “Ey yuzi gulyor”, “Shirin suxaniro” kabi taronalar o‘zbek xalqi qalbidan joy olgan.
LiveBarchasi