Abdulaziz Komilov Qozog‘istonda o‘tgan forumda ishtirok etdi

Jamiyat

image

Bugun, 16 oktyabr kuni Qozog‘iston Respublikasining Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” 12-hamkorlik forumida ishtirok etdi. 

Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi TIV rahbarlari ko‘p tomonlama format doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va ko‘p qirrali muloqotning mazkur mexanizmini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar. 

Abdulaziz Komilov forumda so‘zlagan nutqida mazkur format faoliyatiga ko‘proq aniqlik beruvchi va barcha ishtirokchi davlatlar manfaatidan kelib chiqqan holda mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti va sanoat salohiyatining barqaror o‘sishiga xizmat qiluvchi maqsadli loyiha va dasturlarni amalga oshirish zarurligini qayd etdi. 

Janubiy Koreyaning texnik standartlash, suv resurslarini boshqarish, AKT-o‘qitish, startap-loyihalarni rivojlantirish jabhalaridagi innovatsion ishlanmalarini o‘rganish va joriy etish, yoshlar siyosati va gender tenglik sohalarida tajriba almashish Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. 

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari forum qatnashchilariga joriy yilning 4 oktyabr kuni Prezident farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekistonning 2019-2030-yillarda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategiyasining maqsad va vazifalari to‘g‘risida ma’lumot berdi va shu nuqtai nazardan O‘zbekiston sheriklarining ishlab chiqarishga ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohalaridagi tajribasini o‘rganish,  mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini e’tirof etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

3

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing