“Yengil” issiqxonalar qurish uchun yerni qanday olish mumkin?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma ob’ektlarini (issiqxona) qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi tasdiqlandi.

“Norma”ning yozishicha, hujjat talablari qishloq xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun hamda loyihalarni EIZlarda amalga oshiradigan investorlar uchun berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yengil konstruksiyali ob’ektlarga yengil materiallardan barpo etilgan, chuqurlashtirilgan poydevorlarga va yer osti inshootlariga (0,5 metrdan ko‘p) ega bo‘lmagan, buzib olib (bartaraf etib) ko‘chirish imkoniyati mavjud bino va inshootlar kiradi.

Bunday ob’ektlar, shuningdek yengil konstruksiyali issiqxonalar qurishga yer uchastkalari faqat ushbu qurilishni amalga oshirishga talabgor bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining yer uchastkalari doirasida hamda yer ijarasi shartnomasida belgilangan muddatga ajratiladi. Buning uchun tadbirkor shaxsan, pochta yoki YAIDXP orqali tuman (shahar) hokimligiga ariza berishi (yuborishi) zarur. Arizaga tadbirkorlik sub’ekti va yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalari ilova qilinadi.

Hokimlikka kelib tushgan ariza ijrochi – yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)lardagi filialiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Arizani ko‘rib chiqayotgan ijrochi yer uchastkasini ajratish bo‘yicha materiallarni tayyorlash jarayonida quyidagilarni amalga oshiradi:

  • ob’ektlar qurish uchun joylashadigan yer maydonini aniqlaydi;
  • yer tuzish hujjatlari, yer kadastrlari ma’lumotlarini o‘rganadi;
  • birinchi navbatda, tadbirkorga ajratilgan yerlardagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarni aniqlaydi;
  • yer uchastkalarini tanlashda bog‘ va uzumzorlar hamda boshqa daraxtzorlar buzib tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalaridan foydalanishda noqulayliklar yaratmaslik holatlarini inobatga oladi.

Ijrochi tayyorlagan materiallar kelishish va xulosa berish uchun tegishli tuzilmalarga beriladi. Zarur xulosalar olingandan keyin ijrochi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaning dalolatnomasini va tuman (shahar) hokimining qarori loyihasini tayyorlaydi. Hokim yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida ikki ish kuni mobaynida qaror qabul qiladi va uni ijrochiga taqdim etadi. Yengil konstruksiyali ob’ektlar qurish ishlari loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshiriladi.

Yer ajratish bo‘yicha materiallarni tayyorlaganlik va kelishganlik uchun ariza beruvchidan Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 iyuldagi qaroriga muvofiq belgilangan miqdorda to‘lov undiriladi.

Ariza beruvchining ariza berishidan tortib to yer uchastkasini berishga doir hujjatlar paketini olishigacha bo‘lgan butun jarayon uchun 18 ish kunigacha bo‘lgan vaqt sarflanadi. Masalaning yechimi tuman emas, balki viloyat hokimligi vakolatiga kirsa, bu muddat birmuncha ko‘payadi.

Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlik sub’ektlari Prezidentning 2018 yil 17 oktyabrdagi qaroriga muvofiq o‘zlariga ajratilgan yerlarda ana shunday qurilishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lganlar.


Maqola muallifi

Teglar

Meva-sabzavot issiqxona er

Baholaganlar

111

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing