Kattaqo‘rg‘onda ikki universitet filiali ochiladi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2020
9635Kattaqo‘rg‘on shahrida Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filiallari tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “2020–2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020–2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturi:
• 2020–2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari;
• 2020–2021 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;
• 2020–2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida yo‘l-kommunikatsiya tizimi va ijtimoiy sohani yaxshilash chora-tadbirlari;
• 2020–2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash parametrlari;
• 2020 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash parametrlari;
• 2020–2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tasdiqlandi.
O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
• Samarqand viloyati hokimligi, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ va “O‘zqishloqelektrqurilish” AJ bilan birgalikda “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJning 10,17 gektar va “12-son Mexanizatsiyalashgan kolonna” MCHJning 1,5 gektar bo‘sh yer maydonlari va ularning hududida joylashgan bino-inshootlarni balans (qoldiq) qiymatida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga berish masalasi jamiyatlarning tegishli boshqaruv organlari majlislarida ko‘rib chiqilishini;
• Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga berilayotgan ob’ektlarning balans (qoldiq) qiymati hisobiga “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ va “O‘zqishloqelektrqurilish” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushlari, “O‘zqishloqelektrqurilish” AJ esa «12-son Mexanizatsiyalashgan kolonna» MCHJ ustav kapitalidagi o‘z ulushi kamaytirilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Samarqand viloyati hokimligining:
• O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi Kattaqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joylashgan bolalar oromgohi binolari egallab turgan 2,5 gektar yer uchastkasini Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazish;
• Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi Kattaqo‘rg‘on shahar, «G‘arbmachit» mahallasi hududidagi 1-son umumta’lim maktabining foydalanilmayotgan bo‘sh turgan binosini Kattaqo‘rg‘on shahar axborot-kutubxona markazini joylashtirish uchun Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Xalq ta’limi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Samarqand viloyati hokimligi bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan ob’ektlarni yer maydoni bilan birgalikda topshirish va qabul qilish ishlari amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasining “Yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimini joriy qilish to‘g‘risida” 2020 yil 21 sentyabrdagi 576-son qarori bilan ipoteka kreditlarining soddalashtirilgan tizimini joriy qilish bo‘yicha belgilangan tartib Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri uchun ham tatbiq etiladi.
Samarqand viloyati hokimligi “Ipoteka-bank” ATIB bilan birgalikda Kattaqo‘rg‘on shahrining “Ingichka” qo‘rg‘onchasi hududidagi mavjud kichik sanoat zonasiga hududdagi mavjud tabiiy va xom ashyo zaxiralaridan samarali foydalangan holda travertin, gipsokarton, gips bog‘lagichlarini va marmar toshlarni qayta ishlash loyihalarini 2020 yil yakuniga qadar joylashtirish choralarini ko‘radi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasining Kattaqo‘rg‘on shahrida “Hunarmandchilik markazi”ni (hunarmandchilik, milliy shirinliklar majmuasi va mehmonxona) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Kattaqo‘rg‘on shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i hududidagi bo‘sh turgan 0,35 gektar yer uchastkasini “Hunarmandchilik markazi”ni tashkil etish uchun Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazish choralarini ko‘radi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Transport vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi ikki oy muddatda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filiallarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
LiveBarchasi