Kattaqo‘rg‘on shahri hududi kengaytiriladi
Jamiyat
−
29 iyul 6001 3 daqiqa
Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on shahrining hududi kengaytirilib, o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘zgartiriladi. Bu haqda bugun, 30 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri hududini kengaytirish orqali o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘tkazilishi, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholining o‘sib borishini inobatga olgan holda aholiga qulay sharoitlar yaratish, yangi infratuzilma ob’ektlari hamda ko‘p qavatli turarjoy komplekslari barpo etish belgilangan.
Shundan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan, Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on shahri tarkibiga hamda Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on tumani tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu chegaralar o‘zgartirilishi natijasida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektar maydonda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hududda 2030 yilga borib sanoat korxonalarining sonini 332 tadan 500 taga yetkazish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qariyb ikki barobarga o‘sishini ta’minlash reja qilingan. Aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 barobarga o‘sishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, hududda xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar sonini 981 tadan 1 285 taga yetkazish hisobiga jami xizmatlar hajmi 1,8 barobarga o‘sishi, 2030 yilga borib xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar soni 3 mingtaga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Kattaqo‘rg‘on shahrida jami 71 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilishi, eksport salohiyati kengaytirilib, 65 mln dollarga yetkazilishi hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlari qayta ishlash va tayyor mahsulot yetishtirish bo‘yicha qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilanganligi tashabbuskorlar tomonidan aytib o‘tilgan.
Bildirilishicha, ushbu o‘zgarishlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolli rejalarni belgilash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hudud infratuzilmasini yaratish, shuningdek, yangi hududda belgilangan talablar doirasida ijtimoiy soha, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishini tashkil etish hamda shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etilgan.
Shuningdek, qaror loyihasida hududning chegaralarini o‘zgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli bajarish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatilgan.
Qaror loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati markazi keyingi 18 yil ichida Koson, Qarshi va Ko‘kdala tumanlari hududiga qarab 7 767 gektarga, ya’ni qariyb ikki baravar kengayishi xabar qilingan edi.