Saylov tugab, mashmashasi hali davom etmoqda

Jamiyat

image

Saylov tugab, ortidagi mashmashalar hamon davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda 80-Qiziriq saylov okrugida turli qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani, saylovda shaxsan ishtirok etmagan ovoz beruvchilar nomidan byulletenlar to‘planib tashlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gaplarga 80-Qiziriq saylov okrugi munosabat bildirdi.  Unda shunday deyiladi: 

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 80-Qiziriq saylov okrugida ovoz berish jarayonlari ochiq-oshkora, qonunchilik talablariga mos ravishda o‘tkazildi.

Har bir saylovchiga o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun shart-sharoit yaratib berildi.

O‘zgalar nomidan ovoz berish, saylov byulletenlarini to‘plab maxsus qutiga tashlash holatlari kuzatilmadi. 

Agar shunday holatlar ro‘y berganida saylov uchastkalaridagi ishonchli vakillar va kuzatuvchilarning birortasi uni fotosuratga yoki videotasvirga olgan va bu yuqoridagi turli xabarlarga ilova tarzida joylashtirilgan bo‘lar edi.

Qolaversa, ovoz berish natijalari yozilgan bayonnomalar saylov komissiyalari tomonidan ruchkada to‘ldirilgan va mas’ullar tomonidan imzolanib, muhr bosilgan. 

Postga ilova qilingan bayonnomalar esa qalamda to‘ldirilgan, imzo va muhr bilan tasdiqlanmagan.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 80-saylov okrugiga 77 ta saylov uchastkasi biriktirilgan bo‘lib, saylov natijalari barcha (77 ta) saylov uchastkalaridagi natijalar umumlashtirilganda aniq bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqda tarqatgan post egasi tomonidan joylashtirilgan bayonnomalar esa jami uchastkalar sonining 30 %ni ham tashkil etmaydi. Shu sababli ushbu bayonnomalardagi ovozlar orqali biron-bir nomzodni g‘olib deb topish saylov qonunchiligi talablariga to‘g‘ri kelmaydi.

Saylov Kodeksiga muvofiq tegishli okrug saylov komissiyasi o‘ziga biriktirilgan barcha uchastka saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalardagi ovozlarni sanab chiqish orqali saylov natijalarini e’lon qiladi”.


Maqola muallifi

Teglar

Saylov

Baholaganlar

90

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing