Ozarbayjonlik diplomat Toshkentda rus tiliga “paxta qo‘ydi”

Olam

image

“Muhim qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan rus tili sobiq Sovet ittifoqi mamlakatlarida yashayotgan ko‘p sonli aholi uchun asosiy muloqot tili bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda”.

Bu so‘zlar bugun, 12 dekabrda poytaxtdagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodkor va ilmiy ziyolilarining XV forumi doirasida, “Gumanitar hamkorlik: o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari” mavzuidagi anjuman davomida Ozarbayjon Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Polad Bulbul o‘g‘li tomonidan aytib o‘tildi.

“Biz ta’lim, ilm va madaniy sohadagi hamkorligimizni davom ettirishimiz kerak. Jumladan muhim qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan rus tili sobiq Sovet ittifoqi mamlakatlarida yashayotgan ko‘p sonli aholi uchun asosiy muloqot tili bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Men rus tilining Ozarbayjondagi ta’lim tizimida nechog‘li qo‘llanayotgani haqida aytadigan bo‘lsam, mamlakatda 300 dan ziyod rus tilidagi maktablar bor. Ozarbayjon fuqarolari rus tilida  oliy ma’lumot olishlari ham mumkin. Mamlakatda slavyan universitetlari ham bor, jumladan, Lomonosov nomidagi Rossiya milliy universitetining filiali, Sechenov nomidagi Moskvadagi birinchi davlat tibbiyot universitetining filiali mavjud. Baku shahrida Rus akademik drama teatri faoliyat yuritmoqda, rus tilidagi telekanal efirga uzatilmoqda”. 

Shuningdek, u Ozarbayjonda rus tilidagi internet manbalari, gazeta va jurnallardan keng foydalanilishini aytib, hatto, Ozarbayjon Prezidentining rasmiy veb-saytida ozar va ingliz tillari qatori, rus tilida ham yangiliklar berib borilishini urg‘uladi.

“Sanab o‘tganlarimiz so‘zsiz mamlakat siyosatidan darak berib turibdi. Boshlang‘ich ta’limda ham rus tilini tanlayotgan ota-onalar va aholi soni yillar o‘tsa-da kamaymayapti. Shuni alohida qayd etishni xohlardimki, Ozarbayjondagi ta’lim tizimida rus tilini nafaqat rusiyzabonlar, balki ozarlar hamda mamlakatdagi boshqa millat vakillari ham tanlamoqda”, deya MDH mamlakatlarida rus tili bilan bog‘liq vaziyatni o‘z mamlakati misolida tushuntirib berdi ozarbayjonlik diplomat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq MDHda rus tili targ‘iboti kuchaytirilishi, To‘qayevning taklifi, Putinning roziligi bilan yangi tashkilot tuzilayotgani haqida xabar qilgan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

224

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing